Malida isyonchilar Rossiya kuchlari Shimoldan olib chiqilishiga erishdilar
Malida armiya va mamlakatda faoliyat yuritayotgan Tuareg isyonchilari bilan ittifoqdosh qurolli jihodchilar o‘rtasida to‘qnashuv yana avj oldi. 25-aprel kuni guruh Prezident va mudofaa vaziri qarorgohlariga, shuningdek poytaxt Bamakodagi xalqaro aeroportga hamda yaqin atrofdagi Kati shahrida joylashgan harbiy inshootlarga hujum qilgan.
Natijada, ba’zi manbalarga ko‘ra, Rossiyaning asosiy ittifoqchisi hisoblangan Mali mudofaa vaziri Kamara o‘ldirilgan.
Bundan tashqari “Le Figaro” gazetasi yozishicha, isyonchilar mamlakat shimolidagi Kidal shahri to‘liq nazoratga olingani, armiya kuchlari va ittifoqchi – “Rossiya-Afrika korpusi” shaharni tark etishga rozi bo‘lgani haqida bayonot bergan.
2023-yil Mali hukumati “Vagner” xususiy harbiylashgan tuzilma jangchilari ko‘magida shaharni qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgandi.
“Afrika korpusi” – RF Mudofaa vazirligi yordami bilan 2023-yil oxiri – 2024-yil boshida tuzilgan rus harbiylashtirilgan kuchlari hisoblanadi. Rossiyaning Afrikadagi harbiy va iqtisodiy manfaatini himoya qilib keladigan bu guruh ilgari shu hududda faoliyat yuritgan “Vagner” bo‘linmalari o‘rnini egallagan.
Tuareglar – 2012-yildan buyon Malida mustaqillik uchun kurashib kelayotgan etnik guruh. 2014-yil hukumat va Tuareg harakatining bir necha tuzilmasi o‘rtasida sulh bitimi imzolangan.
S.Rahimov, O‘zA