Mali. Voqealar rivoji qanday?
Bir necha mamlakat qoʻzgʻolonlar ortidan Mali bilan chegaralarni yopdi
Bir necha mamlakat qoʻzgʻolonlar ortidan Mali bilan chegaralarni yopdi
Tarkibida 15 mamlakatni birlashtirgan Gʻarbiy Afrika davlatlari iqtisodiy umumjamiyati (EKOVAS) Mali bilan barcha chegaralarni berkitish va respublika bilan iqtisodiy munosabatlarni toʻxtatishga qaror qildi. Shu haqdagi maʼlumot mazkur xalqaro tuzilma saytida chop etilgan.
“Malilik harbiy qoʻzgʻolonchilar tomonidan amalga oshirilgan, mamlakat va umuman mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka salbiy taʼsir koʻrsatib, putur yetkazgan bu toʻntarishlardan keyin EKOVAS... tashkilotga aʼzo mamlakatlar va Mali oʻrtasidagi barcha yer usti va havo chegaralarini yopishga, respublika bilan har qanday iqtisodiy, savdo va moliyaviy amaliyotlar olib borishni toʻxtatishga qaror qilib, barcha sheriklarga ham xuddi shunday yoʻl tutishni tavsiya qiladi ”, - deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari umumjamiyat ushbu mamlakatda konstitutsiyaviy tartib tiklangunga qadar Malini tuzilma doirasidagi barcha rahbarlik organlaridan chetlatib, qoʻzgʻolonchilar va ularning tarafdorlariga qarshi sanksiyalar joriy etishni talab qilib chiqdi.
Afrika ittifoqi ham Malining tashkilotdagi aʼzoligini toʻxtatdi
Malining Afrika ittifoqi (AI)dagi ishtiroki mamlakatda konstitutsiyaviy tartib qayta oʻrnatilgunga qadar toʻxtatiladi, deya maʼlum qilgan tuzilmaning Tinchlik va xavfsizlik kengashi.
“Tinchlik va xavfsizlik kengashi Malining Afrika ittifoqidagi ishtirokini vaqtincha, konstitutsiyaviy tartib tiklanishigacha toʻxtatib turishni va armiya tomonidan majburan ushlab turilgan mamlakat prezidenti, bosh vazir va boshqa mulozimlarni ozod qilishni talab etadi”, - deyilgan bayonotda.
Prezident isteʼfo berdi
Mali prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta lavozimidan ketgani va hukumat tarqatib yuborilganini eʼlon qildi. Bu voqea qoʻzgʻolonchilar davlat rahbarini qoʻlga olgandan keyin, bir necha soat oʻtib yuz berdi.
“Men shu daqiqalardan boshlab zimmamdagi vazifalarni boʻynimdan soqit qilaman... Hokimiyatni oʻz qoʻlimda saqlab qolish uchun qon toʻkilishini istamayman”, — dedi prezident. Uning nutqi davlat televideniyesi efiri orqali toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilindi.
Bundan tashqari u parlament va hukumat ham tarqatilganini eʼlon qildi.
Qoʻzgʻolonni boshlagan harbiylar xalqni qutqarish uchun milliy qoʻmita tuzilganini aytishdi
“Biz... xalq oldida majburiyat olishga va tarix oldida davlatning (mavjudligi — tahririyat) davom etishini taʼminlashga qaror qildik”, — dedi qoʻzgʻolonchilar vakili Ismoil Vag ORTM1 telekanali efiri orqali.
Ular barchani saylovlarga olib boradigan siyosiy transformatsiya oʻtkazishga chaqirgan. Shuningdek, mavjud xalqaro bitimlarga rioya qilamiz, deya ishonch bildirishgan.
“Ishonchli va umumxalq saylovlariga yetaklovchi siyosiy transformatsiya uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida fuqarolik jamiyati va ijtimoiy-siyosiy kuchlarni bizga qoʻshilishga taklif etamiz. Biz hokimiyatga intilmayapmiz, biz faqat mamlakatda ongli ravishda kelishilgan muddatdagi umumiy saylovlarni tashkil etish imkonini beradigan barqarorlik yuzaga kelishidan manfaatdormiz”, - deya qoʻshimcha qildi u.
Qoʻzgʻolonchi harbiylar Malining barcha chegaralari yopilib, mamlakatda komendantlik soati joriy etilganini eʼlon qilishdi.
“Bugundan boshlab, yaʼni 2020-yil 19-avgustdan barcha yer usti va havo chegaralari keyingi bayonot eʼlon qilingunga qadar berkitiladi, komendantlik holati belgilanib, 21:00 dan 05:00 gacha amal qiladi”, - dedi Vag.
Mahalliy OAV xabariga koʻra, Malidagi qoʻzgʻolonlarni polkovniklar Dyau va Kamara hamda general Sheyk Fantamadi Dembele boshchilik qilmoqda.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh Malidagi voqealarga nisbatan norozilik izhor qilib, zudlik bilan konstitutsiyaviy tartib va qonun ustuvorligini qayta tiklash, qolaversa, mamlakat rahbarlarini ozod qilishga chaqirdi. Rossiya, AQSH kabi yirik davlatlar ham Malidagi vaziyatdan tashvishda ekanliklarini bildirishgan.
Masalan, AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeoning ushbu voqeaga oid bayonotida Qoʻshma Shtatlar Malidagi harbiy qoʻzgʻolonni keskin qoralashi va barcha taraflarni muammoni muloqot yordamida tinch yoʻl bilan hal etish, zoʻravonlikdan chekinishga daʼvat etishi qayd etilgan.
“AQSH Malida 18-avgustda boshlangan harbiy qoʻzgʻalishlarni keskin qoralaydi, chunki biz hukumat zoʻravonlik bilan egallangan har qanday koʻrinishdagi harakatni inkor etamiz”, - deyiladi bayonotda.
Pompeo “hibsga olingan hukumat aʼzolari va ularning oila aʼzolariga ozodlik va erkinlik kafolatlanishi zarurligi”ni ham taʼkidlagan.
“AQSH mavjud siyosiy va harbiy ishtirokchilarni konstitutsiyaviy hukumatni tiklash yoʻnalishida ish olib borishga chaqiradi. Biz Malidagi barcha manfaatdor tomonlarni tinch yoʻl bilan kelishishga, ushbu mamlakat fuqarolarining oʻz fikrlarini erkin bildirish va tinch yigʻilish huquqini hurmat qilishga chaqirib, zoʻravonlikni inkor etamiz”, - deya qoʻshimcha qilgan davlat kotibi.
Internet materiallari asosida
Gʻayrat XONNAZAROV tayyorladi.