Maldini Pirlo tayinlanmasa,Italiya terma jamoasini tark etishi mumkin
Qayd etilishicha, Maldini avvalroq Antonio Konte va Roberto Manchini nomzodlarini rad etgan.
Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) texnik direktori Paolo Maldini agar Andrea Pirloning terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanishi to‘xtatilsa, iste’foga chiqish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda La Gazzetta dello Sport xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Maldini FIGCdagi lavozimni yangi bosh murabbiy nomzodini mustaqil tanlash huquqi saqlanib qolishi sharti bilan qabul qilgan. Agar federatsiya rahbariyati Pirlo nomzodini rad etsa, u buni o‘z vakolatlariga aralashuv sifatida baholashi va lavozimini tark etishi mumkin.
Qayd etilishicha, Maldini avvalroq Antonio Konte va Roberto Manchini nomzodlarini rad etgan. Uning fikricha, Kontening klublarni tez-tez almashtirishi salbiy omil bo‘lsa, Manchinining 2023-yilda Italiya terma jamoasini tark etganidan keyingi faoliyati yetarlicha ishonch uyg‘otmagan.
Xosep Gvardiola bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Maldini va federatsiya maslahatchisi Leonardo 47 yoshli Andrea Pirlo nomzodida to‘xtalgan. Ularning fikricha, Pirlo zamonaviy futbol konsepsiyasiga mos murabbiy hisoblanadi.
Biroq Pirloning Rossiyadagi bukmekerlik kompaniyasining global elchisi sifatidagi faoliyati uning tayinlanishi atrofida bahslarga sabab bo‘lmoqda. Murabbiy bu borada rasmiy bayonot berganiga qaramay, Italiya futbol federatsiyasi prezidenti Jovanni Malago tayinlov jarayonini vaqtincha to‘xtatgan.