Malayziyalik investor Nurotada
Navoiy viloyati Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev Malayziyaning “Rafahia Holding Berhad” kompaniyasi raisi Hisyammasri bin Badrol boshchiligidagi delegatsiya vakillarini qabul qildi.
“Rafahia Holding Berhad” kompaniyasi transport, neft-gaz, qimmatbaho metallar, turizm va savdo yo‘nalishlaridagi bir necha kompaniyalar birlashmasidan tashkil topgan.

Dastavval delegatsiya vakillari tumanning investitsiya salohiyati bilan tanishtirildi.

Uchrashuvda mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilgan islohotlar, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda turizm sohasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi. Tomonlar o‘zlarining biznes taqdimotlarini o‘tkazdi.

Uchrashuv so‘ngida “Rafahia Holding Berhad” kompaniyasi va Nurota tumani hokimligi o‘rtasida tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA