Malayziyada o‘zbek kuy-qo‘shiqlari yangradi
Malayziya davlatining poytaxti Kuala-Lumpur shahrida 19-22 oktyabr kunlari “Living arts culture” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi. Festivalga dunyoning 30 dan ziyod davlatlaridan ko‘plab san’atkorlar tashrif buyurdi.
Nufuzli xalqaro tadbirda mamlakatimizdan O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Sirdaryo viloyati bo‘limi bir guruh san’atkorlari munosib ishtirok etib, o‘zbek san’atining qadimiy kuy-qo‘shiqlari va jozibador raqslarini yuksak mahorat bilan namoyish etdi. Milliy kuy-qo‘shiqlarimiz, ayniqsa, YUNESKOning nomoddiy-madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan baxshichilik termalari hamda lazgi raqsi barcha ishtirokchilar va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.


– Xalqaro festivaldan bir olam taassurotlar bilan qaytdik – deydi O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Sirdaryo viloyati bo‘limi badiiy rahbari O‘tkirjon Asatullayev. – Festival ishtirokchilarining ko‘pchiligi bizning o‘zbek milliy san’atidan xabari borligi, musiqa asboblarimizga ham qiziqishi baland ekanligi qalbimizni quvonchga, faxrga to‘ldirdi.


– Baxshichilik san’ati ko‘plab Sharq mamlakatlarida juda qadrlanadigan san’at turi ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim, – deydi III xalqaro baxshichilik san’ati festivali g‘oliblaridan biri Dilmurod Gulmurodov. – Bolaligimdan do‘mbira chertib san’atning shu yo‘nalishida ijod qilib kelaman. Aytmoqchimanki, inson Vatanidan uzoqlashgani sayin yurt sog‘inchi ham kuchayib boraverarkan. Olis yurtda jamoamiz bilan har lahzada Ona O‘zbekistonimizni, jonajon Sirdaryomizni qo‘msab, sog‘inib yashadik.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/n4NrOBbh5os" title="Малайзияда ўзбек куй-қўшиқлари янгради" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri