Malayziya va O‘zbekistonni bog‘lagan ilm-ma’rifat ko‘prigi
Malayziyaning Melaka shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Malayziya ta’lim va fan vazirligi, O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi, Buxoro davlat texnika universiteti hamda Universiti Teknikal Malaysia Melaka hamkorligida “Malayziya – O‘zbekiston: Birinchi xalqaro olima ayollar forumi” yuqori saviyada tashkil etildi.
Forum ikki davlat madhiyalari sadolari ostida tantanali ravishda ochildi. Unda so‘zga chiqqanlar ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Ayniqsa, ayol olimalarning zamonaviy ilm-fandagi o‘rni, ularning innovatsion g‘oyalari va xalqaro maydondagi faolligi yuksak baholandi.

Forumni ochib bergan Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova o‘z nutqida ayollarning ilm-fan taraqqiyotidagi hissasi tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu kabi xalqaro anjumanlar nafaqat tajriba almashish, balki yangi ilmiy yo‘nalishlarni belgilash va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish uchun muhim maydon hisoblanadi.
Tadbir doirasida biznes-forumlar, ilmiy muloqotlar, madaniy hamda innovatsion ko‘rgazmalar tashkil etildi. Ularda ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘zlarining ilmiy salohiyati, zamonaviy ishlanmalari va istiqbolli loyihalarini namoyish etdi. Bu esa ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini yanada mustahkamladi.

Forumda O‘zbekiston va Malayziya oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etib, 30 ga yaqin muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Buxoro davlat texnika universiteti Sultan Idris Education University, Universiti Tun Hussein Onn Malaysia va Universiti Teknikal Malaysia Melaka bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi. Bu kelishuvlar qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
– Mazkur forum ayol olimalarning ilmiy salohiyatini namoyon etish bilan birga, xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi, – deydi Sadoqat Siddiqova. – Ushbu muloqotlar va erishilgan kelishuvlar kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, innovatsion tashabbuslarni ilgari surish va ilmiy izlanishlarni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

“Malayziya – O‘zbekiston: Birinchi xalqaro olima ayollar forumi” ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy va ta’limiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqan muhim voqea sifatida tarixga kirdi. U nafaqat ayol olimalarning nufuzini oshirish, balki global ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladigan samarali platforma bo‘lib xizmat qildi.
Bunday anjumanlar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlab, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Eng muhimi, u kelajak avlod uchun ilhom manbai bo‘lib, ilm yo‘lida yangi yutuqlarga zamin yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA