Malakali kadrlar tayyorlashning yangi modeli
Turizm sohasida malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayonini mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish va yosh mutaxassislarni bevosita amaliyotga tayyorlash maqsadida Buxoroda dual ta’lim tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan maxsus trening o‘tkazildi.
Mazkur tashabbus turizm va mehmondo‘stlik sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, ta’lim muassasalari hamda ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Trening O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Mehmonxonalar uyushmasi hamda HELVETAS Uzbekistan tashkiloti hamkorligida tashkil etildi. Unda dual ta’limning asosiy tamoyillari, uni turizm korxonalarida samarali joriy etish mexanizmlari va xorijiy tajribalar muhokama qilindi.
Bu jarayon mamlakatimizda ta’lim tizimini zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish, yoshlarga nafaqat nazariy bilim, balki amalda zarur bo‘ladigan kasbiy ko‘nikmalarni berishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarga zamonaviy kasb va bilimlarni egallash uchun keng imkoniyatlar yaratish, professional ta’lim sifatini oshirish, ish beruvchilar bilan ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda. Turizm sohasida dual ta’limni rivojlantirish ham ana shu strategik yondashuvning amaliy ko‘rinishlaridan biridir.
Dual ta’limning asosiy ustunligi shundaki, ta’lim oluvchi auditoriyada olgan nazariy bilimlarini real ish jarayonida sinab ko‘radi. Ya’ni, yosh mutaxassis diplom olgandan keyingina mehnat bozoriga moslashishga emas, balki o‘qish jarayonining o‘zida kasbiy muhitga kirib borishga tayyorlanadi.

Trening davomida ta’lim muassasalari va turizm korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajribali mutaxassislarni yoshlarga biriktirish, ish joyidagi amaliy mashg‘ulotlarni tizimli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ustozlik tizimi, ish amaliyoti, standart operatsion jarayonlar (SOP) va kasbiy kompetensiyalar dual ta’limning eng muhim tarkibiy qismlari sifatida ko‘rib chiqildi.
Bu yondashuvda tajribali xodimning roli oddiy nazoratchi yoki rahbar bilan cheklanib qolmaydi. U yosh mutaxassis uchun bevosita ustoz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi va kasbiy tajriba manbai sifatida maydonga chiqadi. Shu tariqa an’anaviy “ustoz-shogird” maktabi zamonaviy ta’lim metodlari bilan uyg‘unlashtiriladi.
Bugun turizm sohasida raqobat nafaqat sayyohlik ob’ektlari yoki turistik marshrutlar bilan, balki xizmat sifati bilan ham belgilanmoqda. Mehmonxonadagi muomala madaniyati, xorijiy tillarni bilish, raqamli texnologiyalardan foydalanish, mehmon ehtiyojini anglash va muammoga tezkor yechim topish kabi ko‘nikmalar turistik mahsulotning muhim qismiga aylangan.

Shu nuqtai nazardan, dual ta’lim tizimi turizm uchun kadr tayyorlashning oddiy usuli emas, balki xizmatlar sifatini oshirishning muhim iqtisodiy mexanizmi hisoblanadi.
Chunki ish beruvchi ta’lim jarayonidan qanchalik faol ishtirok etsa, bitiruvchining mehnat bozoriga moslashuvi shunchalik oson kechadi. O‘z navbatida, yosh mutaxassis real ish jarayonida tajriba orttirib, mustaqil qaror qabul qilish va kasbiy vazifalarni sifatli bajarish qobiliyatini shakllantiradi.
Treningda xalqaro xizmat ko‘rsatish standartlari asosida amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish, turizm korxonalarida yagona ish tartiblarini joriy qilish va xodimlarning kasbiy kompetensiyalarini baholash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri