Malaka va tajriba ish samaradorligini oshiradi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan joriy yilning yanvar oyidan boshlab mamlakatimizning barcha hududlarida quyi bo‘g‘in davlat xizmatchilari uchun sohaviy qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Surxondaryo viloyatida ham o‘quv kurslarini yuqori saviyada o‘tkazishga alohida ahamiyat berilmoqda. Jumladan, shu kunlarda viloyatdagi tuman, shahar hokimlarining 94 nafar moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlarining, qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari, investitsiyalar va tashqi masalalar, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining bosh mutaxassislari hamda oila va xotin qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarning yetakchi mutaxassislari kasbiy tayyorgarligi, bilim va ko‘nikmasini oshirmoqda.
Tashkil etilgan o‘quv kurslaridan ko‘zlangan maqsad tinglovchilarda o‘zlarining sohasida samarali faoliyat yuritishi uchun zarur siyosiy-huquqiy, kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda keng jamoatchilik va aholi bilan muloqot qila olish salohiyatini shakllantirishdan iborat.
Mazkur kurslar bevosita quyi bo‘g‘in davlat xizmatchilarining takliflari va kundalik mehnat faoliyatidagi zaruriy ehtiyojlari asosida shakllantirilgan dolzarb mavzular bo‘yicha sohaning tajribali amaliyotchi mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilmoqda. Kunlik o‘quv mashg‘ulotlari sohaviy bilim va ko‘nikmasini oshirayotgan tinglovchilarga manzur bo‘lmoqda.
–Davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy mahoratini oshirish, xalq bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda muntazam ravishda o‘z ustida ishlashi uchun sharoit yaratish davlat organlarining ish samaradorligi oshishiga xizmat qiluvchi omillardan eng asosiysi hisoblanadi, – deydi Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi bosh mutaxassisi Mirjalol Toshtemirov.– Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etgan o‘quvda zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, uning yil boshida o‘tkazilishi eimmamizga yuklangan vazifalarni rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan ezgu tamoyilni amalga oshirish hamda Davlat xizmatining barqarorligi, ishonchliligi va samaradorligini ta’minlash ko‘p jihatdan davlat xizmatchisining kasbiy tayyorgarligi, bilim va ko‘nikmasiga bevosita bog‘liq. Shunga ko‘ra, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borishga alohida e’tibor qaratmoqda. Masalan, o‘tgan yili Agentlikning Surxondaryo viloyati filiali 35 dan ortiq o‘quv kursi tashkil etib, 5 ming 151 nafar davlat xizmatchisining malakasini oshirgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yil tashkil etilgan kurslarga nisbatan qariyb 4 barobar ko‘p.
Bunday malaka oshirish kurslarini tizimli o‘tkazish, davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va ko‘nikmalarini mustaqil o‘zlashtirishi, o‘z ustida muntazam ishlab, izlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Chuqur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy bilimga ega yuksak ma’naviyatli, zamonaviy davlat xizmatchisini shakllantirishga puxta zamin yaratadi.
Viloyatdagi qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.
Nodir Mo‘minov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Surxondaryo viloyati filiali bosh inspektori
O‘zA