Malaka oshirish salmoqli natijaga eltadi
Andijonda viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda.
Davlat boshqaruvi sohasini isloh qilish borasidagi ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish bugungi kundagi eng muhim vazifalardan biri. Buning uchun kadrlarni tanlashda ochiq va oshkora tanlov tizimini joriy etish zarur. Davlatimiz rahbari bu borada qator vazifalarni belgilab bergan edi. Ana shu vazifalardan kelib chiqib, davlat fuqarolik xizmatini, shu jumladan, davlat idoralaridagi lavozimlarga nomzodlarni tanlashda ochiq, mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni ta’minlovchi mexanizm amaliyotga tatbiq etildi.

Ana shu yo‘nalishdagi ishlar doirasida Andijon viloyati hokimligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Andijon viloyati filiali hamda qator tashkilotlar hamkorligida bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgan o‘quv kurslarida davlat idoralari xodimlari o‘qib, malaka va tajriba oshirmoqda.

O‘tkazilgan navbatdagi o‘quv kursida davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bo‘limi mas’ul xodimlari ishtirok etib, davlat tashkilotlarida lavozimlar bo‘yicha tanlov, davlat xizmatida ish boshlagan shaxsning moslashuvi va lavozim pog‘onalariga ko‘tarilishi asoslari, 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturining mazmun-mohiyati, shuningdek, stressga bardoshlilikni shakllantirish bo‘yicha bilimlar oldi.

– Malaka oshirish kursi mashg‘ulotlarida xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish, qolaversa, 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturining mazmun-mohiyati haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi Kadrlar, hujjatlar va murojaatlar bilan ishlash sektori boshlig‘i Parizodxon Ergasheva. – O‘rganganlarimiz, albatta kelgusi faoliyatimizni yanada samarali olib borishda yordam beradi.
Kursni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga maxsus sertifikatlar beriladi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA