Maktablarda oromgohlar faoliyati samarali tashkil etilmoqda
Navbatdagi o‘quv yili yakunlanishi bilan ota-onalar farzandlarining yozgi ta’tilini unumli o‘tkazish uchun turli rejalar tuza boshlaydi. Bunda hududdagi maktaboldi oromgohlari ancha qo‘l keladi.
Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 78-umumta’lim maktabida ana shunday maktaboldi oromgohi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda yashash joyi maktabga yaqin bo‘lgan bolalar tahsil olishi va yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazishi mumkin. Buning uchun barcha zarur sharoit yaratilgan.

– Oromgohimizda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus g‘oyalarini singdirishga harakat qilganmiz, – deydi maktab direktori o‘rinbosari Baxtiyor Aliyev. – O‘quvchilar yozgi ta’tilda asosan dam olishi zarur. Shuning uchun oromgoh dasturida sport, mehnat va musiqa to‘garaklari faoliyatiga alohida e’tibor berildi. Xorijiy tillardan o‘zlashtirishi past bo‘lgan bolalar uchun alohida til to‘garaklari faoliyat yuritadi. Maktaboldi oromgohi, avvalo, o‘quvchiga mazmunli va zavqli hordiq olishiga yordam beradi. Shu borada o‘quvchilarning salomatligi, to‘g‘ri ovqatlanish ratsioniga amal qildiramiz. Sanitariya qoidalariga e’tibor qilingan holda ommaviy tadbirlar ochiq osmon ostida o‘tkaziladi. O‘quvchilarni qabul qilishda ham ularni maxsus tekshiruvdan o‘tkazamiz.

Ma’lumot uchun, yozgi ta’tilda oromgohlar tashkil etish uchun maktablarda keng dala hovli, sport maydoncha, malakali tarbiyachilar va salohiyatli pedagog-kadrlar bo‘lishi talab etiladi.
D.Mamatova, O‘zA