Maktablar ta’miriga besh milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi
Surxondaryo viloyatining mahalliy byujetidan ajratilgan bu mablag‘ evaziga xarid qilingan o‘n turdagi zarur qurilish materiallari ta’lim dargohlarini 2026–2027 o‘quv yiliga sifatli joriy ta’mirlab, turli pul yig‘imlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Qurilish materiallarini topshirishga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov onlayn ishtirok etib, mamlakatimizda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, yosh avlodga munosib bilim va tarbiya berish, shuningdek, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi nufuzi va kasbiy mavqeini yanada yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor haqida alohida fikr yuritdi. Janubdagi vohada ham zamonaviy ta’lim muassasalari qad rostlayotgani, tubdan ta’mirlanib, o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun barcha sharoit yaratilayotgani to‘g‘risida fikr almashdi. Katta mablag‘ evaziga ajratilgan qurilish materiallari maktablarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish va turli pul yig‘imlarining oldini olishga qaratilgani qayd etildi.

Viloyatning joriy yil investitsiya dasturi doirasida 41 ta loyiha amalga oshirilib, to‘rtta yangi maktab barpo etildi. Ikkita maktab mukammal ta’mirlanib, 35 ta maktab rekonstruksiya qilindi. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’mirga muhtoj 8 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 24 ta umumta’lim maktabi tanlab olinib, 5 milliard 943 million so‘m mablag‘ evaziga qiyofasi tubdan o‘zgartirildi. Ayni paytda “Tashabbusli byudjet” loyihasining birinchi mavsumida amalga oshiriladigan 29 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlarining loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.

Ta’lim sifatini oshirish va raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun mamlakat byudjeti hisobidan 97 ta umumta’lim maktabi 18 milliard 721 million so‘m mablag‘ evaziga 1 ming 649 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi bilan ta’minlandi.

Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida to‘rtta maktabga 310 dona kompyuter jamlanmasi yetkazib berildi. 146 ta umumta’lim maktabi 2 milliard 978 million so‘mlik zamonaviy o‘quv-laboratoriya va texnik jihozlar bilan ta’minlandi. “Mening maktabim” loyihasida ishtirok etgan 978 ta maktabga 984 dona zamonaviy elektron doska o‘rnatildi.

Ta’lim jarayonini amaliyot bilan uzviy bog‘lab, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq yakunlanayotgan o‘quv yilida 15 ta maktabda kasb o‘rgatish amaliyoti joriy etildi. 30 ta maktabda 10–11-sinflarning uch ming nafar o‘quvchisi 10 turdagi kasb-hunarni o‘rganishi uchun zarur o‘quv jihozlari va xomashyo bilan ta’minlandi.

Tadbirda vohadagi 978 ta umumta’lim maktabiga mahalliy byudjetning besh milliard so‘mdan ortiq mablag‘i evaziga xarid qilinib,topshirilgan qurilish materiallari sinfxonalar, yo‘laklar, sanitariya xonalari va boshqa infratuzilma inshootlarini ta’mirlash uchun ishlatiladi.

Maktablarni joriy ta’mirlash kelgusi oyda boshlanadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri