Maktabgacha ta’limdagi o‘zgarishlar raqamlarda aks etmoqda
Bola ilk so‘zlarini aytishi, tengdoshlari bilan do‘stlashishi, atrofdagi olamni kashf etishi va mustaqil fikrlashni o‘rganishi – bularning barchasi uning hayotidagi muhim bosqichlardir. Bu jarayonda oila bilan bir qatorda maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham alohida o‘rin tutadi. Farzandining munosib ta’lim-tarbiya olishi, qobiliyatlarini namoyon etishi va maktabga tayyor bo‘lib borishi har bir ota-ona uchun muhim.
Shu bois mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ko‘paytirish, bolalar uchun qulay sharoit yaratish va ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 5-fevralda qabul qilingan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham o‘z aksini topgan. Unda maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, pedagoglar malakasini oshirish va bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan vazifalar belgilangan.
Tizimda amalga oshirilayotgan ishlar natijasini baholashda esa, avvalo, bog‘chalar soni va ularda tarbiyalanayotgan bolalar ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratish lozim.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga tayanadigan bo‘lsak, 2026-yil 1-yanvar holatida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 39 ming 283 taga yetgan. Bu 2024-yilga nisbatan 1 ming 225 taga yoki 3,2 foizga ko‘p demakdir. Mazkur raqamlar maktabgacha ta’lim xizmatlari tarmog‘i kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Bu raqamlar ortida ota-onalar uchun muhim bo‘lgan amaliy imkoniyatlar turibdi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ining kengayishi oilalarga farzandini bog‘chaga joylashtirish uchun ko‘proq muqobil variantlarni taqdim etishi, yashash hududiga yaqin muassasani tanlash imkoniyatini oshirishi mumkin. Bola esa tengdoshlari bilan muloqot qilish, jamoaga moslashish, mustaqil harakatlanish va yangi bilimlarni o‘zlashtirish orqali maktab hayotiga tayyorlanib boradi.
Hududlarda maktabgacha ta’lim xizmatlarining rivojlanishi, avvalo, bog‘chalar tarmog‘ining qay darajada shakllangani bilan ham namoyon bo‘ladi. Ayrim viloyatlar bu borada yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan.
Hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlar maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i mamlakatning turli mintaqalarida kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Faoliyat yuritayotgan bog‘chalar soni Qashqadaryo viloyatida 4 458 ta, Samarqandda 4 443 ta, Farg‘ona viloyatida esa 4 341 ta ekanligi qayd etiladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar soni 2 533,3 ming nafarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yil yakuniga nisbatan 183,3 ming nafarga yoki 7,8 foizga oshgan.
Keltirilgan statistik ma’lumotlar O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i kengayib, ularda tarbiyalanayotgan bolalar soni ortayotganini ko‘rsatadi. 39 mingdan ortiq tashkilot va 2,5 milliondan ziyod tarbiyalanuvchi, bu – sohaning mamlakat ijtimoiy hayotidagi ko‘lami tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bog‘chalar sonini ko‘paytirish va bolalarni ta’lim bilan qamrab olish bilangina cheklanmaydi. Bu jarayonda kadrlar masalasi ham muhim sanaladi. Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq 2026 - 2027 o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlarni tayyorlash xalqaro ilg‘or tajribalarga mos ravishda takomillashtirilgan ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega pedagoglarni tayyorlash, ta’lim-tarbiya sifatini oshirish ham bu jarayonning muhim tarkibiy qismidir. Zero, bolaga yaratilgan sharoit bilan bir qatorda, unga ta’lim berayotgan tarbiyachining salohiyati ham uning kelajakdagi rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA