Maktabgacha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin hamda Yunesko Bosh direktorining ta’lim bo‘yicha o‘rinbosari Stefaniya Jannini o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlarining tegishli bandiga muvofiq, 2030 yilga kelib barcha o‘g‘il-qizlar boshlang‘ich ta’limga tayyor bo‘lishi uchun yosh bolalarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlash borasida ijobiy natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
– Maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim va tarbiya berish davlatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, – dedi Agrippina Shin. – Respublika bo‘yicha maktabgacha ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichlari 2017 yilda 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib 62 foizgacha oshdi. Natijada bugungi kunda 1,7 milliondan ortiq bola maktabgacha ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Qolaversa, O‘zbekistonda 2019 yildan boshlab barcha bolalar uchun boshlang‘ich ta’limda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida maktabga borishdan bir yil oldin majburiy maktabgacha ta’lim tizimi joriy etildi. bugungi kunda maktabga chiqish yoshidagi bolalarning 77 foizi maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olindi, 2025 yilga borib ularning barchasini bir yillik majburiy bepul ta’lim tizimiga qamrab olish rejalashtirilgan.

– O‘zbekiston maktabgacha ta’lim sohasida qisqa vaqt ichida erishilgan bu kabi yutuqlar, albatta, tahsinga sazovordir, – dedi Yunesko Bosh direktorining ta’lim bo‘yicha o‘rinbosari Stefaniya Jannini. – Shuningdek, “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi va pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar qilinayotganiga guvoh bo‘ldik.
Uchrashuv jarayonida 2022 yilning kuzida Toshkent shahrida ilk yoshdagi bolalarga tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha Ikkinchi butunjahon konferensiyasini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2010 yil 27-29 sentyabr kunlari Moskvada Yuneskoning Birinchi ilk yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish va ta’lim bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tgan. Uch kun davom etgan konferensiyada butun dunyo bo‘ylab bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Mohigul Qosimova, O‘zA