Maktabdagi ta’lim sifati direktorga ham bog‘liq
Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimida ish boshlash uchun Farg‘ona shahridagi 42-maktabga bordim.
Bolalikning shovqinli olami, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib “Assalomu alaykum”, deb ehtirom ko‘rsatgan quralay ko‘zlarning salomiga alik olib, zavqlandim. Yorug‘ manzilim – “Yangi Turon” ko‘chasida joylashgan yangi maktabning tashqi ko‘rinishidan, maxsus fanlar uchun ixtisoslashtirilgan xonalardagi zamonaviy jihozlar, o‘quv ko‘rgazmalaridan maktabning va u yerda ta’lim beruvchi o‘qituvchilarning saviyasini bilish qiyin emas.
O‘quvchilarga bag‘rini ochganiga endigina bir yil bo‘lgan maskanning direktori Jasurbek Arslonov bilan ilk suhbatimiz ham uzoq davom etmadi:
“Men sizdan nima ish qilding, deb hisobot so‘ramayman. Muhimi, mehnatingiz o‘quvchilarning odob-axloqida, bilimida sezilsin. Ishlasangiz chin yurakdan ishlang. Bolalarning vaqtiga xiyonat qilmasangiz bo‘ldi”, degan edi o‘shanda. Mana shu so‘zlarni har dars oldidan qayta-qayta eslayman, meni hushyor torttiradi. “Chin yurakdan ishlang. Bolalarning vaqtiga xiyonat qilmang”. Maktab rahbarining talabi bu. Diyonati bor insonning tirik tuyg‘ulari yuqumli bo‘ladi, deyishadi. Hali-hanuz mudrashga yo‘l bermaydi.
Ishlash jarayonida angladimki, ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha bu maktabning o‘z mexanizmi bor. Boshqa maktablarga o‘rnak qilsa, arzigulik jihatlari talaygina. Har chorakda nafaqat o‘quvchi, balki o‘qituvchilar ham o‘z bilimini tekshirish uchun sinovdan o‘tkaziladi. Bu esa kasb fidoyilarini o‘z ustida izlanishga undaydi. Har bir ustoz o‘ziga yuklatilgan ishni vijdonan bajaradi. Muhimi, o‘quvchilar, bugunning talabi, yodlashga emas, fikrlashga o‘rgatiladi. O‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabat o‘zaro hurmat asosiga qurilgan. Direktor tomonidan jiddiy sabablarsiz yig‘ilish o‘tkazilmaydi. Ochig‘i, biror joyda 3 nafardan ortiq o‘qituvchini ta’limdan boshqa masalalar yuzasidan gaplashib turganini ko‘rmaysiz.
420 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda bugun 730 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Darslar ikki smenada tashkil etilgan. Hafta davomida tasviriy san’at, shaxmat, yengil atletika, etika-estetika sohalari bo‘yicha to‘garaklar ham muntazam faoliyat yuritib keladi. Maktabning iqtidorli o‘quvchilari respublika miqyosidagi tanlovlarda muvaffaqiyat qozonayotgani esa samarali mehnatning natijasi sifatida bo‘y ko‘rsatmoqda.
Men ko‘p maktablarda ishlaganman. U yerlardagi ta’limning og‘riqli nuqtalarini yaxshi bilaman. Lekin 42-maktab “Yangi O‘zbekiston”ga munosib maktab, deb ayta olaman. Maktabdagi ijodiy muhit, sog‘lom raqobat, do‘stona munosabatlar jamoaning muvaffaqiyat kaliti bo‘lib xizmat qilayotir. Toki xalqimiz farzandlar tarbiyasi, ruhi va qalbini ustozlarga ishonayotgan ekan, biz bu ulug‘ va qutlug‘ ishonchni oqlashga majburmiz.
Go‘zal Oxunova, O‘zA