Maktab ta’limi sifati ilk bor xalqaro darajada baholanadi
Mamlakatimiz maktab ta’limi sifati ilk bor xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etadi.
Mazkur xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi hamda A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “STesting" loyihasi amalga oshirilgan edi. Bu loyiha doirasida Stesting.uz trenajyor platformasi ishga tushirilib, PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etishga tayyorlash bo‘yicha 1500 tadan ortiq topshiriq va 103 ta videokurslar joylashtirildi.
Endilikda mazkur platforma Respublika maktablarida amaliyotga joriy etilmoqda. Xo‘sh, o‘quvchi va o‘qituvchilar bu platformadan foydalanish ko‘nikmasiga egami?
“O‘quvchilarni PISA, PIRLS, TIMSS xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyorlash” to‘g‘risidagi xalq ta’limi vaziri buyrug‘i ijrosi yuzasidan ilmiy-tadqiqot instituti respublika miqyosida seminar-treninglar o‘tkazmoqda. Joriy yil yanvar oyida o‘tkazilayotgan seminarlarda “STesting" platformasi imkoniyatlari va unda ishlash tartibi bo‘yicha tushunchalar berilmoqda. Onlayn tashkil etilgan seminarlarga Respublikamizning hududiy malaka oshirish markazlaridan yuzga yaqin o‘qituvchilar jalb etilgan. Mazkur platforma orqali o‘qituvchi va o‘quvchilar xalqaro baholash dasturlarining topshiriqlarini o‘zida mujassam etgan elektron test tizimida o‘z bilimlarini sinashi, sinov natijalarini ko‘rishi mumkin.
Tashkil etilayotgan seminarlarda umumta’lim muassasalari o‘quvchilarini stesting.uz platformasi orqali PISA, PIRLS, TIMSS xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyorlash, ushbu platformaning imkoniyatlari, tadqiqotlarda muvafaqqiyatli ishtirok etish, o‘quvchilarda tadqiqot topshiriqlarini yechish ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga e’tibor qaratilmoqda. Ushbu seminar-trening orqali tayyorlangan trenerlar guruhi stesting.uz test trenajyor platformasini o‘quv jarayoniga keng tatbiq etib, o‘quvchi yoshlarni PIRLS, PISA, TIMSS xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyorlaydi. Platformani yurtimizning barcha viloyatlari va chekka hududlarida ham joriy etish maqsadida seminar-treninglar davom etadi.
Barno Meliqulova, O‘zA