Maktab o‘quvchisi o‘z daromadidan avtomobil olmoqchi
bugungi kun yoshlari har tomonlama iqtidorli va iste’dodli yoshlardir. Yurtimizda esa ular uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. O‘tkazilayotgan turli xalqaro tanlovlar, musobaqa va uchrashuvlarda ular o‘z iqtidor, iste’dod, bilim va salohiyati bilan hech kimdan kam emasligini isbotlamoqda.
Navoiy viloyati umumta’lim maktablarining o‘quvchilari ham zamonaviy fanlarni chuqur o‘zlashtirib, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiluvchi munosib kadrlar bo‘lishni maqsad qilgan.
Navoiy shahridagi 1-alohida fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashgan maktabida iqtidorli o‘quvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Rinat Yakubov ana shunday o‘quvchilardan biri. U IT sohasida o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, ijtimoiy tarmoqlardagi platformalar orqali reklama mahsulotlarini sotish, xizmat ko‘rsatish natijasida oila byudjetiga yaxshigina daromad keltiryapti.
– Men o‘z shaxsiy profilimda reklama tarqatish bilan shug‘ullanib kelaman, telegram guruhimdagi a’zolar soni 30 mingdan ortiq, – deydi R.Yakubov. – 9-sinfdan buyon ijtimoiy tarmoqlar orqali pul topish bilan shug‘ullanaman. Dastlabki yarim yil o‘rganib, izlandim. 9-oydan boshlab, daromad topishning maqbul yo‘llarini aniqlab oldim. Hozirda oyiga 5-7 million so‘m daromad qilyapman.
Oilamga xarj qiladigan pullardan ortib qolgan qismini yig‘ib boraman. Jamg‘armamdagi pul o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan o‘rta avlod avtomobillarining boshlang‘ich to‘loviga yetadi. Shu kunlarda qaysi avtomashinani xarid qilish borasida bir to‘xtamga kelgach, to‘lov qilishni rejalashtirganman.
Albatta, axborot texnologiyalari mavjud yangi texnologiyalar orasida yetakchi o‘rinni egallamoqda. Bugun maktab partasidayoq intellektual salohiyati ortidan durustgina daromad qilayotgan o‘quvchilar kelajakda yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilishi aniq.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA