Maktab-internatda xayriya tadbiri o‘tkazildi
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan O‘rta Chirchiq tumanida “Yoshlar bizning kelajagimiz” mavzusida xayriya tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan O‘rta Chirchiq tumanida “Yoshlar bizning kelajagimiz” mavzusida xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Partiyaning “Saxovat – benazir qadriyat” loyihasi doirasida tumandagi 124-ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bo‘lib o‘tgan tadbirda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, partiya faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish eng dolzarb vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Tadbirda partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan maqsad-vazifalarni amalga oshirish, jamoat birlashmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan bolalarga ehtirom ko‘rsatish, e’zozlash, ularning hayotga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishga hissa qo‘shish, shuningdek, keng jamoatchilik o‘rtasida partiya g‘oyasining mazmun-mohiyatini yoyish, internat tarbiyalanuvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga e’tibor qaratildi.
Kelajak avlodni har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishi, ularni turli zararli g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, milliy, umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, har bir o‘g‘il-qizning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, faolligini oshirish, ularni ham moddiy, ham ma’naviy rag‘batlantirish, zamonaviy bilimlarga ega, tashabbuskor yoshlarimiz safini kengaytirish hamda el-yurt manfaati yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, bu yo‘lda yetarli shart-sharoitlarni yaratib berish muhim.
– Eng hashamatli koshonalar, eng qimmatbaho tuhfalar ham oila, ayniqsa, ota-ona mehri va e’tiborining o‘rnini bosa olmaydi, – deydi 124-ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘qituvchisi Karomat G‘ofurjonova. – Muassasamizdagi har bir o‘g‘il-qizning ko‘ngliga qarab, ular bilan samimiy munosabatda bo‘lishga intilamiz. Albatta, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan, ko‘ngli o‘ksik bolajonlarning ko‘nglini ko‘tarish, ularga xursandchilik ulashish, beg‘ubor nigohlarida quvonch nurlarini ko‘rishga erishishning o‘zi katta baxt. Ularning bilim olishi va kasb-hunar egallashi uchun yetarli sharoitlarni yaratib berishga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratiladi. Bu borada O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi internatimizda muntazam xayriya tadbirlari tashkil etib, bolalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlaydi. Bu xayrli tadbir farzandlarimizning ma’naviy va ruhiy rivojiga ijobiy ta’sir etadi.
Xayriya tadbiri doirasida partiya faollari maktab-internatida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Mavjud muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.
Shuningdek, tarbiyalanuvchilar uchun to‘kin dasturxon yozilib, ularga kundalik ehtiyojlari uchun zarur buyumlar sovg‘a qilindi.