Maktab bitiruvchilarining qariyb 41 foizi muddatidan oldin talaba bo‘ldi
Navoiy shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati jamoasi ta’lim sifatini oshirish borasidagi izchil sa’y-harakatlari natijasida quvonarli natijani qayd etmoqda.
Joriy o‘quv yilida mazkur ta’lim muassasasining 11-sinfini 69 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. E’tiborlisi, bitiruvchilarning qariyb 41 foizi, ya’ni 28 nafari maktab partasidayoq maksimal 189 ball jamg‘arib, muddatidan oldin talaba degan nomga erishdi.
Bu natija o‘quvchilarning bilimga intilishi, ustozlarning samarali mehnati, maktabda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhitining amaliy ifodasidir.
Yana bir quvonarli jihat shundaki, bitiruvchilarning yana 10 nafarida talabalikka erishish uchun atigi bittadan majburiy fan sertifikati yetishmayapti. Bu esa yaqin kunlarda ushbu ko‘rsatkich yanada ortishidan darak beradi.
Mazkur ta’lim muassasasi 2024-2025 o‘quv yili yakunida ham yuqori natija qayd etib, 60 nafar bitiruvchisining barchasi talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan edi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri