Maktab bitiruvchilari taqdirlanishdi
Guliston shahrida 2025–2026-o‘quv yilini a’lo natijalar bilan yakunlagan umumta’lim maktablari bitiruvchilariga oltin va kumush medallar tantanali ravishda topshirildi. Shahar hokimligida o‘tkazilgan tadbirda 37 nafar bitiruvchi oltin, 5 nafari esa kumush medal bilan taqdirlandi.
Tantanali marosimda Guliston shahri hokimi o‘rinbosarlari Dilmurod Toshboyev va Azizaxon Payziyeva ishtirok etib, bitiruvchilarni erishgan yutuqlari bilan tabrikladi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ta’lim sohasini isloh qilish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan davlat siyosati o‘zining amaliy samarasini bermoqda.

Tadbirda so‘z olgan bitiruvchilar va ularning ota-onalari ham yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, zamonaviy ta’lim muhiti hamda iqtidorni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan imkoniyatlar yuqori natijalarga erishishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidlashdi.


Ma’lum qilinishicha, joriy o‘quv yilida Guliston shahri umumta’lim maktablarining 9-sinflarini 2015 nafar, 11-sinflarini esa 1734 nafar o‘quvchi bitirdi. Ularning 42 nafari barcha fanlarni a’lo o‘zlashtirib, davlat mukofotiga munosib deb topildi.

Bitiruvchilarning ta’limdagi faolligi xalqaro va milliy sertifikatlar natijalarida ham namoyon bo‘ldi. Xususan, 615 nafar o‘quvchi jami 950 ta milliy va xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 15 nafar bitiruvchi maktabni tamomlashidan avval xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri