Makronning Damashq safari nimani anglatadi?
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Suriyaga keldi. Bu mamlakatda hokimiyat almashgandan keyin G‘arbiy Yevropa davlati rahbari darajasida amalga oshirilgan ilk rasmiy tashrifdir.
Damashq aeroportida Fransiya rahbarini tashqi ishlar vaziri Asad Ash-Shiboniy kutib oldi. Safari doirasida Makron Prezident Ahmad Ash-Shara’ bilan muzokara o‘tkazadi. Uchrashuvda mamlakatdagi siyosiy jarayon, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va sarmoya masalalari muhokama qilinishi kutilyapti.
Makron ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan murojaatida Fransiya Suriya xalqi bilan hamkorlikni davom ettirishini ta’kidlab, suveren, barqaror va qo‘shni davlatlar bilan tinch munosabat o‘rnatayotgan ushbu arab davlatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Suriya rahbari Fransiyaning mamlakatdagi o‘tish davri jarayonida tutgan o‘rnini ijobiy baholadi. Uning ta’kidlashicha, Parij Damashqqa nisbatan xalqaro sanksiyani yumshatish masalasida faol pozitsiya namoyon etgan.
Tashrif yakunida tomonlar qator hamkorlik hujjatlarini imzolashi hamda qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazishi rejalashtirilgan. Mutaxassislar mazkur voqeani Fransiya va Suriya munosabatidagi yangi bosqich sifatida baholamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA