Majburiy ijro byurosi delegatsiyasi Vetnamga tashrif buyurdi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori Muzaffar Egamberdiyev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Vetnamda bo‘lib turibdi.
Tashrif Vetnam Sotsialistik Respublikasi Adliya vazirligining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarorlari ijrosini boshqarish departamenti taklifiga binoan tashkil etilgan bo‘lib, ikki tomonlama idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, amaliy tajriba almashish va sud qarorlarini ijro etish sohasida professional aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Byuro delegatsiyasining bu tashrifi, aslida 2025-yil avgust oyida Vetnam departamenti direktori Nguyen Txang Loy boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurganida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomidir.
O‘tgan yili yurtimizga tashrif buyurgan vetnamlik hamkasblar Majburiy ijro byurosi faoliyati, davlat ijrochilari ishini tashkil etish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijro ishi yuritishni raqamlashtirish jarayonlari, idoralararo elektron hamkorlik, shuningdek, mol-mulkni elektron onlayn-elektron auksionlar orqali sotish amaliyoti bilan tanishdi.
Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy e’tibor - ijro ishi yuritishni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, zamonaviy axborot tizimlarini qo‘llash, sud qarorlarini ijro etish mexanizmlarini takomillashtirish va mol-mulkni sotishning elektron shakllarini rivojlantirish sohasida tajriba almashishga qaratildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini shakllantirish va tegishli Memorandumni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishishdi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA