Mahsulot sifati, ish ko‘lami yanada oshadi
Prezidentimizning joriy yil 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida “Qorako‘l kumush kalava” to‘qimachilik fabrikasining yangi liniyasi ish boshladi. Yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan muassasada 320 kishi ishli bo‘ldi.
Paxta tolasini qayta ishlash orqali kumush kalava ishlab chiqarayotgan korxona endilikda klaster korxonalariga yaratilgan imkoniyat sabab to‘qima matoni xorijga eksport qiladi. Qariyb 15 million dollarga teng bo‘lgan loyiha uchun Xitoydan zamonaviy dastgohlar olib kelingan. Yevropa davlatlariga 9 million dollarlik mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan.
– Tadbirkorlik faoliyatimizni boshlaganimizda to‘qimachilik klaster faoliyatini qanaqa yuritamiz degan savol oldimizda turgan edi, – deydi “Qorako‘l kumush kalava” MCHJ rahbari Asror Mansurov. –Davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilayotgan yangi yangi imkoniyatlar, sharoitlar, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar bizni faoliyatimizga turtki bo‘lyapti. Mahsulotlarimizga talab ortmoqda. Ayni paytda Rossiya, Xitoy, Turkiya davlatlari bilan uzoq muddatli eksport shartnomalari imzolangan.
Yangi loyiha ish boshlaganidan tuman aholisi, ayniqsa, xotin-qizlar juda mamnun.
–Men ushbu korxonada to‘quv sexida operator bo‘lib ishlayman, – deydi korxona ishchisi Nilufar Aralova. – Ishim mahsulot sifatini tekshirishdan iborat. Bir kunda 8 soat ish rejimida ishlaymiz. Korxonada ishchi-xodimlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
[gallery-13185]
Prezidentimizning klaster korxonalariga yuksak e’tibori va ishonchi bejizga emas. Ushbu ishonch sabab korxona uchinchi bosqichda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni, ishchi o‘rnini kengaytirishni, eng asosiysi sifat jihatidan raqobatbardosh kiyim-kechaklar ishlab chiqarib, eksport salohiyatini ikki barobarga oshirishni maqsad qilgan.
Maqsadni katta olayotgan korxonalar shunga yarasha rag‘batni ham his qilyapti. Prezidentimizning Buxoroga tashrifi davomida xuddi shunday o‘nga yaqin loyihaga start berildi. E’tiborlisi, minglab aholi ish bilan ta’minlandi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA