Mahsulot, sifat va samaradorlik
Andijon viloyatida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda 34 korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Qoʻshma korxonalar
Andijon viloyatida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda 34 korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Ana shu korxonalar tomonidan oʻtgan yili 2 million 28 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilingan.
Andijon shahrida faoliyat yuritayotgan “OʻzERAE Climate Control” Oʻzbekiston – Janubiy Koreya qoʻshma korxonasida avtomobillar uchun sovutish radiatori, isitish, ventilyatsiyalash va havoni konditsionerlash modullari ishlab chiqariladi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz sanoat korxonalarida mahalliylashtirish dasturi doirasida modernizatsiya, ishlab chiqarishga yangi va ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun butlovchi qismlar yetkazib beruvchi koʻplab hududiy korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Korxonalarning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani, barqaror ishlashi uchun zarur sharoit yaratilayotgani natijasida bugungi kunga kelib avtomobillarning butlovchi va ehtiyot qismlari asosan mahalliy korxonalar tomonidan tayyorlanmoqda.
2011 yilda Janubiy Koreyaning “Erae cs” LTD kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “OʻzERAE Climate Control” Oʻzbekiston – Janubiy Koreya qoʻshma korxonasi ana shu yoʻnalishda samarali faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri. Korxonaning aylanma mablagʻi hamda “Asaka bank”ning Andijon viloyat boʻlimidan olingan 11,4 million dollar miqdoridagi kredit hisobidan keltirilgan zamonaviy jihozlar ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirdi. Avtomobillarning sovutish radiatori, isitish, ventilyatsiyalash va havoni konditsionerlash modullarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada dastlabki yillarda faqat “Cpark”, “Kobalt” avtomobillari uchun 10 turdagi mahsulot tayyorlangan boʻlsa, keyingi yillarda mahalliylashtirish dasturi asosida “GM Uzbekistan” korxonasida ishlab chiqarilayotgan boshqa rusumdagi avtomobillar uchun ham ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Natijada ishlab chiqarish hajmi oʻsdi, mahsulot turi koʻpaydi. Ayni paytda bu yerda “Spark”, “Matiz”, “Damas”, “Neksiya”, “Lasetti”, “Kobalt” avtomobillarining sovutish, isitish, ventilyatsiyalash va havoni konditsionerlash tizimlari uchun 50 dan ortiq turdagi butlovchi qismlar tayyorlanmoqda.
– Korxonamizda oʻtgan yili 208 milliard 309 million soʻmlik qariyb 436 ming dona mahsulot ishlab chiqarildi, – deydi qoʻshma korxona bosh direktori Nodirjon Ahmedov. – Bugungi kunga kelib korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talab va ehtiyoj nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham ortmoqda. Xususan, hamkorlik kelishuviga asosan Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilayotgan “UAZ Patriot” avtomobili uchun isitish radiatorlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Birgina 2018 yilda 24 ming dona sifatli isitish radiatori tayyorlanib, eksport qilindi.
Umuman, korxona oʻtgan yili Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Ukraina davlatlariga 209,1 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotni eksport qildi.
Korxonada xalqaro ISO 9001 va ISO/TS 16949 standartlari talablariga javob beradigan sifat menejmenti tizimi joriy etilgani, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatli ekani mahsulotlarga talabni oshirmoqda.
Korxona 2018 yilda Xorazm viloyatidagi Hozorasp erkin iqtisodiy zonasida oʻz filialini tashkil etdi. Mazkur filialda “Damas” avtomobillari uchun yiliga 60 ming dona radiator hamda havoni konditsionerlash modullari tayyorlanadi.
Ayni paytda korxonada mehnat qilayotgan 300 ga yaqin ishchi-xodimning aksariyati yoshlardir. “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Muhandis, texnolog va ishchilar samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Korxona tashkil etilganidan buyon ishlayman, – deydi ishlab chiqarish boʻlimi muhandisi Abdulaziz Abayev. – Mutaxassislar, ishchi-xizmatchilar maxsus ish kiyimlari bilan taʼminlangan, bepul tushlik, barcha qulaylikka ega dam olish hamda tibbiyot xonalari tashkil etilgan.
Erishilayotgan muvaffaqiyatlarda mehnatni tashkil etishda ilgʻor ish uslublarini qoʻllash, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, ishchi-xizmatchilarni munosib ragʻbatlantirish muhim omil boʻlmoqda.