Namangan poyabzallariga xorijda ham xaridorlar ko‘paymoqda
Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “Kosonsoy al-Aziz” korxonasida joriy yilning birinchi yarmida 1,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “Kosonsoy al-Aziz” korxonasida joriy yilning birinchi yarmida 1,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar soha taraqqiyoti, qishloqlarga sanoatning jadal kirib borishida muhim omil bo‘lmoqda. Soliq, kreditlash, boj to‘lovi kabi yo‘nalishlarda berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan sanoat korxonalari ichki bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish bilan birga, mamlakatimiz eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilayotir.
Buni Kosonsoy tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Kosonsoy al-Aziz” mas’uliyati cheklangan jamiyati misolida ham ko‘rish mumkin. Poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada ikki yil muqaddam loyiha qiymati 300 ming dollarga teng modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshib, sifat hamda dizayn jihatdan davr talabiga mos, xaridorgir poyabzallar tayyorlash imkoniyati kengaydi. Komputerlashgan texnologiyalar bir paytning o‘zida bir necha amaliyotni bajarayotgani tufayli mehnat unumdorligi bir necha barobar ortdi.
Yiliga 200 ming juftdan ziyod poyabzal tayyorlash quvvatiga ega korxonada yuzga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Joriy yil korxona tomonidan tender tanlovida qo‘lga kiritilgan buyurtma asosida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimiga maktab yoshidagi bolalar uchun 40 ming juft poyabzal tayyorlab berildi. Eng muhimi, sifatli va xushbichim poyabzallar mahalliy xomashyodan tayyorlanmoqda.
Poyabzalning sifatli bo‘lishida asosiy xomashyo – charmning pishiqligi, ishlov berishga qulayligi katta ahamiyat kasb etadi. “Nafis charm” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yuz foiz tabiiy teri mahsulotidan tikilayotgan poyabzallarga nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham qiziqish ortmoqda. Bugun korxonaning Toshkent shahrida, viloyat markazi va tumanlardagi bir necha do‘kon va shoxobchalari mavjud. Yaqinda esa korxonaning o‘zida “Poyabzal dunyosi” do‘koni ish boshladi.
– Hozirga qadar mahsulotimiz faqat ichki bozorga chiqarilar edi, ― deydi korxona rahbari Bahodir Toshmatov. – Ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash eksportga chiqish istiqbolini ochdi. Yaqinda xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etgandik, mahsulotlarimiz namunalari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonga mahsulot eksport qilish, Qozog‘istonda savdo uyi ochish borasida shartnomalar tuzish niyatidamiz.
“Kosonsoy al-Aziz” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarining buyurtmachilari tobora ko‘payib borayotgani joriy yilning birinchi yarmida 1,6 milliard so‘mlik tovar ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 20 foiz o‘sishga erishilganida ham yaqqol ko‘rinadi.