Mahkumlik – mahrumlik emas
Har birining qadri, sha’ni, huquq va manfaatlari bor.
Hayot yo‘llari turfa. Ba’zan o‘nqir-cho‘nqir, ba’zan baland-past. Har kim ham bu yo‘llarni bir tekis bosib o‘tolmaydi: kimdir qoqiladi, kimdir yiqiladi, yana kimdir esa bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘yadi. Jazoni ijro etish muassasalaridagi aksariyat mahkumlar taqdiri bunga misol.
Oq-qora ko‘chalarda to‘g‘ri yo‘lni yo‘qotganlar jazoni ijro etish muassasalarida ekanining o‘zi og‘ir, albatta. Lekin oilasi, yaqinlari bag‘ridan uzoqda, mehridan ayro, mosuvo yashashning yuki ularga berilgan jazodan ham og‘irroq aslida.
Ammo qanday va qanaqa bo‘lmasin, ularning bari avvalo inson. Har birining qadri, sha’ni, huquq va manfaatlari bor. Shu bois, ular doimo davlatimizning e’tiborida, himoyasida.
Milliy qonunchiligimizga bu yo‘nalishda kiritilayotgan yangiliklar, o‘zgartishlar buning yorqin dalili. Misol uchun, shu yil 5 sentabrda kuchga kirgan “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun asosida ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning siyosiy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yangiliklar joriy etildi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida va referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yangi mexanizmlar yaratilayotgani ham alohida e’tiborga molik. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ya’ni qonunning 511-moddasi bilan ozodlikdan mahrum qilingan, jazo muddatini manzil-koloniyalarda o‘tayotgan shaxslarga pensiya to‘lash huquqiy mustahkamlandi. Unga muvofiq, manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza muassasa ma’muriyati orqali manzil-koloniya joylashgan joydagi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga topshiriladi. Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limi tomonidan tegishli pensiya summasi mahkumlarning shaxsiy hisobraqamiga o‘tkaziladi.
Ayni jihatlar pensiya yoshiga yetgan va nogironligi bo‘lgan mahkumlarga nogironlik va yoshga doir pensiya to‘lovini joriy etish, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlashi bilan muhim. Bu esa umume’tirof etilgan xalqaro standartlar, ilg‘or xorijiy tajribalarga ham muvofiqdir.
Umuman olganda, qonunchilikka kiritilgan yangi normalar mahkumlar huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi. Muhimi, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini oladi. Qolaversa, qonunga itoatkorlik insonda mehnat va ijtimoiy turmush qoidalari hamda an’analariga hurmatni shakllantiradi.
To‘lqin KARIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.