Mahkumlarning jazosi yengillashtirildi
Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi 30-sonli manzil-koloniyasida “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati hamda sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi
Tadbirda Zafarobod tumani sudi raisi Jo‘rabek Bahronov mazkur qonun fuqarolarga, jumladan, mahkumlarga qator imkoniyat va yengilliklar yaratayotgani haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, sud qarori ustidan o‘n kunlik muddatda apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi, ushbu muddat o‘tgandan so‘ng kassatsiya tartibida shikoyat keltirilishi mumkinligi qayd etildi. Bundan tashqari, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining qarori ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilayotgani haqida ham so‘z yuritildi.
[gallery-14732]
Shundan so‘ng, sayyor sud majlisi o‘tkazilib, 30-sonli manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning 11 nafariga Jinoyat kodeksining 74-moddasi qo‘llanilib, ularning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari