Mahkumlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Jizzax shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti 3-mintaqaviy hudud 29-sonli manzil-koloniyasidagi mahkumlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ushbu tibbiy ko‘rik “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” munosabati bilan Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
– Ko‘rik O‘zLiDeP viloyat kengashi hamda xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi hamkorligida tashkil etildi, – deydi IIV huzuridagi JIED 3-mintaqaviy hudud 29-sonli manzil-koloniyasi kadrlar bilan ta’minlash guruhi katta inspektori, kapitan Adbuvahob Abulqosimov. – Bu mahkumlar uchun ham, bu yerda xizmat qilayotgan xodimlar uchun ham zarur.
Kaloniyada barcha zarur sharoitlar yaratilgan. 4-mahkumlar yotoqxonasi to‘liq kapital ta’mirlanmoqda. Tez orada foydalanishga topshiriladi.
[gallery-5370]
– Sirdaryo viloyatidanman, – deydi jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlardan biri.
– O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining169-moddasi “a” bandi (mayda o‘g‘rilik) bilan 2 yil 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilib, 2020 yilning mart oyida shu yerga olib kelindim. Belgilangan ishga maxsus transportda olib borib-kelishadi. Ish haqimiz muntazam beriladi. Lekin, ozodlikda, o‘z uyingda yashashga yetmas ekan. Qilgan qilmishimdan chin dildan pushaymonman.
Tibbiy ko‘rikka viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali, viloyat OITS va OIV markazi, sil kasalliklari dispanserining eng malakali xirurg, travmotolog, urolog, ginekolog, okulist, nevropotolog va boshqa turdagi kasalliklar shifokorlari, laborant-mutaxassislar maxsus tibbiy mobil avtobus, yetarli miqdordagi tibbiy anjomlar, rentgen, mobil ijtimoiy dorixona jalb etildi. Ushbu koloniyadagi barcha mahbuslar navbat bilan birma-bir chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– Jizzax shahrida yashardim, – deydi mahkuma ayollardan biri. – Bizga bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Minnatdormiz. Bu yerga 2019 yilning sentyabr oyida olib kelinganman. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) ga asosan 2 yilu 6 oyga axloq tuzatish ishlari bilan jazolandim. Qilgan qilmishimga chin dildan pushaymonman. Tez orada ozodlikka chiqaman, bundan xursandman albatta.
– O‘tgan 2021 yilning 25 noyabridan 10 dekabriga qadar o‘tkazilgan aksiya doirasida shu manzil-koloniyaga kelib mahkuma ayollar bilan uchrashgan edim, – deydi xalq deputatlari Jizzax shahar kengashining axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Abdulaziz Xo‘jakov.
– O‘shanda, ushbu koloniyaga yangi olib kelingan mahkuma ayollardan biri chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Bugun shuning natijasini ko‘rib turibmiz. Ushbu chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, avvalo inson qadrini ulug‘lash, mahkumlarning jamiyatimizda o‘z o‘rni borligi va ularning haq-huquqlari, salomatliklarini himoya qilishdan iborat. Chunki ular ham shu xalqning, shu yurtning farzandlari. Bilib-bilmay adashgan vatandoshlarimizni maxsus koloniyalarda qayta tarbiyalab, to‘g‘ri hayot yo‘liga boshqarish hammamizning burchimiz.
Shu kuni bu yerga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Jizzax viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham kelib, tibbiy ko‘rik davomida shifokorlar ko‘rsatmasiga asosan mahbuslarga dori-darmon, sanitariya-gigena vositalari, tibbiy jihozlar tarqatdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA