Mahalliylashtirish loyihalari: amaliyot va samara
Farg‘ona shahridagi “Uz-Hanwoo Engineering” qo‘shma korxonasida mahalliylashtirish dasturi doirasida avtomashinalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda “O‘z avtosanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda Janubiy Koreyaning “HANWOO Global” kompaniyasi ta’sischiligidagi ushbu korxonada avtomobillar uchun 30 xildan ortiq butlovchi detallar va yordamchi materiallar ishlab chiqariladi. Bu yerda 200 nafarga yaqin farg‘onalik yigit-qizlar doimiy ish bilan ta’minlangan.

Shu yilning to‘qqiz oyida korxonada 11 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarishga erishildi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ushbu korxonada bo‘lib, amalga oshirilayotgan mahalliylashtirish loyihalari va ularning istiqboli bilan qiziqdi. Yuzma-yuz muloqotda ilgari xorijdan olib kelingan avtomobillar texnologik qoliplari endilikda korxonaning o‘zida ishlab chiqarilayotgani alohida e’tirof etildi.
Viloyat rahbari ichki imkoniyatlarni to‘la ishga solish, import bo‘layotgan ayrim mahsulotlarni ishlab chiqarish orqali sanoatni yanada rivojlantirish hamda viloyat iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlash zarurati haqida so‘z yuritdi. Ayni jarayonda investitsiya jalb etish, eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan har qanday tashabbus qo‘llab-quvvatlanishini qayd etdi.
Uchrashuvda korxona mutaxassislari tomonidan ish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida Shvetsiyaning ABB (Asea Brown Boveri) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va namuna uchun olib kelingan sanoat roboti hamda uning imkoniyatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
M.Sulaymonov, O‘zA