Mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulotlar
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi “Barchinoy” xususiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati va bejirim dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi “Barchinoy” xususiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati va bejirim dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni keng joriy etish orqali raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida tadbirkor Rahimberdi Rahimov tomonidan tashkil etilgan “Barchinoy” xususiy korxonasi dastlab 5 tikuv mashinasi bilan ish boshlagan va bu yerda atigi ikki turdagi trikotaj mahsuloti ishlab chiqarilar edi. Mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalangan tadbirkor keyinchalik “Mikrokreditbank”ning tuman bo‘limidan olingan 100 million so‘m kredit evaziga zamonaviy tikuv mashinalari keltirib o‘rnatdi. Tuman hokimligi tomonidan ajratib berilgan bo‘sh turgan bino korxona faoliyatini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘ldi. Mahsulot turi va ishlab chiqarish hajmi keskin ortdi. Natijada mahsulot tannarxi pasayib, iqtisodiy imkoniyatlar yanada kengaydi. Bugungi kunda nisbatan arzon, sifati yuqori bo‘lgan trikotaj mahsulotlarining bir qismi xorijga eksport qilinmoqda.
– Ayni paytda bolalar, ayollar va erkaklar kiyimlaridan iborat 200 turdagi trikotaj mahsulotlari tayyorlanmoqda, – deydi Rahimberdi Rahimov. – Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli imkoniyatlarimiz yildan-yilga ortmoqda. Xususan, zamonaviy tikuv dastgohlari, yangi texnologiyalar o‘rnatildi, matoga rang berish, quritish bilan bog‘liq nozik va murakkab jarayonlar o‘zlashtirildi. 2014-yilda 8 milliard 762 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, uning 48 foizi xorijga eksport qilindi. Joriy yilning birinchi yarmida esa eksport qilingan mahsulot hajmi 468 ming AQSh dollariga teng bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni faoliyatimizni yanada yuksaltirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Korxonada mehnat qilayotgan 150 ga yaqin ishchi-xizmatchining aksariyati yoshlardir. Ularning samarali ishlashi uchun barcha sharoit muhayyo. Masalan, ishga kelib ketishi uchun maxsus avtobuslar ajratilgan, bepul tushlik va dam olish xonasi tashkil etilgan.
– Men ishlab chiqarish amaliyotini shu yerda o‘tab, malakali mutaxassislar ko‘magida to‘qish dastgohida ishlashni puxta o‘zlashtirdim, – deydi Xo‘jaobod qurilish kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Zilola Sattorova. – Bugungi kunda ko‘plab tengdoshlarim qatori mustaqil ish olib boryapman. Biz ishlab chiqargan mahsulotlar xorijda ham xaridorgir ekanidan faxrlanamiz.