Mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish masalalari kun tartibida
Mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish, tarmoq korxonalari faoliyatidagi muammolarni bartaraf etish hamda tadbirkorlik muhitini yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish, soha vakillarining taklif va murojaatlarini tizimli o‘rganish hamda ularni tegishli davlat organlariga yetkazish maqsadida o‘tkazildi.

Ochiq muloqot davomida tarmoqni modernizatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, ishlab chiqarish korxonalarida mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda eksport salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Muloqotda xalqaro va milliy standartlarni amaliyotga keng joriy etish, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish va sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish, davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Energiya samaradorligini oshirish, mahallalarda kichik quvvatli quyosh elektr stansiyalarini barpo etish loyihalarida mahalliy mahsulotlardan foydalanish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov ishtirokchilarning savol va murojaatlariga batafsil javob berib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va metrologiya yo‘nalishlarida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlarni umumlashtirish, ularni belgilangan tartibda tegishli vazirlik va idoralarga kiritish hamda Prezidentning tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tadigan VI ochiq muloqoti kun tartibi uchun takliflar paketini shakllantirishda inobatga olish belgilandi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA