Mahallani rivojlantirishga qaratilgan oltinchi milliy dastur muhokamasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi hamda uning huzuridagi Jamoatchilik kengashining qo‘shma yig‘ilishida Prezidentimizning mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida belgilab berilgan dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Qo‘mita raisi Gulruh A’zamova Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 7 ta milliy dastur kelgusi o‘n yillikda mamlakat taraqqiyotini ta’minlash, inson qadrini yanada yuksaltirish, davlat va jamiyat hayotini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik yo‘nalish ekanligini ta’kidladi. Har bir dastur o‘zaro bog‘liq bo‘lib, biri ikkinchisini to‘ldirgan holda kelgusi rivojlanishga asos bo‘lishini aytib o‘tdi.
Ayniqsa, oltinchi milliy dasturda mahallalarning jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, aholi ehtiyojlari hamda tashabbuslarini hududlarni rivojlantirish jarayonlariga keng jalb etish muhim vazifalar sifatida belgilangani alohida ahamiyatga ega.
Ta’kidlanganidek, bugun mahalla aholini birlashtiradigan, ularning muammolarini aniqlash va hal etishga ko‘maklashadigan institut, hududni rivojlantirish bo‘yicha qarorlarni shakllantirishda bevosita ishtirok etadigan, aholi nomidan talab va takliflarni ilgari suradigan asosiy buyurtmachiga aylanmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish vazifasining belgilanishi davlat boshqaruvining insonga yanada yaqinlashishini ta’minlashga xizmat qiladi.
— Mahalla davlat va xalq o‘rtasidagi ishonch, muloqot va hamkorlikning eng yaqin maydoni bo‘lishi lozim, — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari Abdullo Aslonov. — Oltinchi milliy dasturda belgilangan vazifalar qo‘mitamiz zimmasiga ham mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun va shu kabi sohaga oid boshqa qonunlarni tahlil qilish, parlament nazorati shakllaridan samarali foydalangan holda mahalla tizimidagi muammolarni hal etishga e’tibor qaratishimiz lozim. Ayniqsa, mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish g‘oyasi aholining kundalik ehtiyoj va muammolarini bevosita inobatga olish nuqtai nazaridan juda muhimdir. Biz, deputatlar Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan g‘oyalarni keng jamoatchilikka, saylovchilarga to‘g‘ri va tushunarli yetkazishimiz lozim bo‘ladi.
Muhokamalarda Jamoatchilik kengashi a’zolari bo‘lgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Bolalar Ombudsmani, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hamda NNTlar vakillari oltinchi milliy dasturda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan takliflar, fikr-mulohazalar bildirdilar.
Yakunda mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga qaratilgan oltinchi milliy dastur doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilanib, mahalla institutini yanada rivojlantirish, uning huquqiy va institutsional asoslarini yanada takomillashtirish, davlat organlari, mahalla va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA