“Mahallam – loyiham” g‘oliblari milliy forumi o‘tkazildi
Bugungi mahallalar yanada obod, fayzli ko‘rinish kasb etishi bilan birga, odamlarning og‘irini yengil qilish, muammolarga yechim topish, ilg‘or tashabbuslarni ilgari surish maskaniga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mahallalardagi ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik masalalarni fuqarolar tashabbusi va jamoatchilik ishtirokida hal etish maqsadida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan “Mahallam – loyiham” dasturi amalga oshirilmoqda.

Mazkur dastur doirasida Yoshlar ijod saroyida “Tashabbusdan taraqqiyotga: “Mahallam – loyiham” g‘oliblari milliy forumi” bo‘lib o‘tdi.
Forum doirasida mahallalarda aholi tashabbusi asosida amalga oshirilgan eng ilg‘or loyihalar taqdimoti, faol mahalla raislari hamda yoshlar yetakchilarini tantanali taqdirlash marosimi, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni e’lon qilish tadbirlari tashkil etildi.
Aytish kerakki, “Mahallam – loyiham” dasturi doirasida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomi beriladigan 33 ta tuman va shahardagi 1609 ta mahalla ishtirok etdi. “Raqamli mahalla” platformasining “Mahallam – loyiham” moduli orqali mahalla raislari, yoshlar yetakchilari va “yettilik”ning boshqa a’zolari ishtirokida muhokamalar o‘tkazilib, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik yo‘nalishlarda jami 1390 ta loyiha shakllantirildi.

Loyihalarni moliyalashtirish maqsadida jami 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Har bir loyiha uchun 100 million so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.
Joriy yilning 1-10-may kunlari o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida qariyb 45 ming nafar fuqaro ishtirok etdi. Natijada eng ko‘p ovoz to‘plagan 33 ta loyiha g‘olib deb topildi.
G‘olib loyihalar orasida 11 ta mini futbol va voleybol maydoni qurish, 7 ta quyosh batareyali va LED yoritgichli ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish, 4 ta bolalar maydonchalarini qurish va ta’mirlash, 3 ta ta’lim muassasasini jihozlash, 2 ta kutubxona tashkil etish, 2 ta piyodalar yo‘lakchasini barpo etish, 2 ta mini park yaratish, dam olish joylariga o‘rindiqlar o‘rnatish hamda daraxtzorlar barpo etish kabi tashabbuslar mavjud.

Ovoz berish jarayonida Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Kattasaydov mahallasi eng yuqori natijani qayd etib, ovoz berish yoshidagi aholining 82 foizi ishtiroki ta’minlandi va 1637 ta ovoz to‘plandi.
Shuningdek, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Mirzabek mahallasi 1221 ta ovoz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani O‘rnek mahallasi 1178 ta ovoz, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Do‘ngsaroy mahallasi 1082 ta ovoz, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Yangiravot mahallasi 1028 ta ovoz, Xorazm viloyati Yangiariq tumani Shixbog‘i mahallasi 1003 ta ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Mazkur forum aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, hududlarni obod va zamonaviy infratuzilmaga ega maskanlarga aylantirish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
N.Usmonova, O‘zA