Mahallalarda xavfsiz muhit yaratilmoqda
Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi “Go‘zal” mahalla fuqarolar yig‘ini besh yil davomida jinoyatchilik ko‘p sodir etiladigan, “qizil” toifadagi og‘ir hudud sifatida qayd etilgan edi. Bu holatdan charchagan mahalla ahli tuman davlat va jamoat ishlarida katta tajribaga ega Ahror Qurbonovni mahalla raisligiga sayladi. Yigirma beshtaga yaqin ko‘p qavatli uylar joylashgan, odamlar tez-tez almashib turadigan bunday hududda vaziyatni izga solish oson emasdi. Ishsizlik, migratsiya bilan bog‘liq muammolar ham ko‘p. Ammo yangi rais kecha-yu kunduzi tinim bilmadi. U profilaktika inspektori bilan hamkorlikda oilalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni o‘rgandi. Nizolarni o‘z vaqtida joyida tinch yo‘l bilan hal qildi.
– Yangicha tizim asosida ishlash natijasida joriy yildan hududimiz “yashil” toifaga o‘tdi, — deydi rais A. Qurbonov. — Bugun 740 ta oilada istiqomat qiluvchi 3 ming 100 nafardan ziyod aholi uchun “Xavfsiz mahalla” tamoyili amalga oshirilmoqda. Yaqin kunlarda davlat – xususiy sheriklik asosida mahalla uchun zamonaviy bino qurilishi ham boshlanadi.
Farg‘ona viloyatida hududlarni rivojlantirish, aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar “mahalla yettiligi” e’tiboridan chetda qolmayapti. O‘zaro hamjihatlikda olib borilayotgan ishlar samarasi o‘laroq, viloyatda 60 ta MFY “qizil” toifadan “yashil”ga o‘tkazildi.
Prezidentimiz tomonidan joriy yil 3 yanvarda qabul qilingan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ham muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Qaror ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida 6 ta ichki ishlar bo‘linmasi o‘rnida 20 ta zamonaviy huquq-tartibot maskanlari tashkil etildi. Shuningdek, 116 ta og‘ir va 12 ta murakkab toifadagi mahallalarga mahalliy hokimlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari biriktirildi.
– Qaror asosan “Ijtimoiy profilaktika” tizimiga qaratilgan, shu bois og‘ir ahvoldagi mahallalar va ijtimoiy yordamga muhtoj aholiga alohida e’tibor berilmoqda, — deydi Farg‘ona viloyati IIB boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Yorqinjon Pirmatov. — 19 ta shahar va tumanda “Ijtimoiy profilaktika maskanlari” tashkil etildi. Bu maskanlar mutasaddi rahbarlarni aholiga yaqinlashtirib, mahalla va aholi o‘rtasida hamkorlikni mustahkamladi. Mahallalar kesimida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” etib belgilab qo‘yildi. Oxirgi uch oyda mahallalarning kirib-chiqish joylari, ko‘chalar, savdo va maishiy xizmat maskanlariga 550 ga yaqin kameralar o‘rnatildi. Har bir mahallada xavfsiz ko‘cha va xavfsiz yo‘laklar barpo etildi.
M.Sulaymonov, O‘zA