Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar sifati oshiriladi
Bekobod tumanida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi vakillari, Bekobod tumani hokimi o‘rinbosari Farhod Kamolov hamda mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar ishtirok etdi.
Muloqotda aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar samaradorligini oshirish, ehtiyojmand oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, shuningdek, xizmatlar sifatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Bekobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar xususida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida Bekobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga yangi tayinlangan direktor O‘ktam Mamatov jamoaga tanishtirildi.
Muloqot doirasida hududda barpo etilayotgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazining qurilish jarayoni ham o‘rganildi. Mas’ullar bilan ob’ektlarda yaratilayotgan sharoitlar, xizmatlarni tashkil etish va kelgusi faoliyat yuzasidan fikr almashildi.

Tez kunlarda foydalanishga topshirilishi kutilayotgan mazkur markazlar aholiga ijtimoiy xizmatlarni yanada qulay, manzilli va sifatli ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA