Mahallalar osoyishtali yurt tinchligidir
Toshkent viloyati bo‘ylab xavfsiz muhit yaratish maqsadida barcha rahbarlar viloyatning “qizil” toifadagi mahallalariga biriktirilgan bo‘lib, hududda kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida aniq reja asosida ishlar tashkil qilinmoqda.
Xususan, joylarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va xavfsiz muhit yaratish maqsadida IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Ortiq Xudoybergenov Zangiota tumanidagi “qizil” toifaga kirgan mahallalarda o‘rganish ishlarini olib bordi. Jarayonda ichki ishlar organlari va mahalla yettiligining ishi tahlil qilinib, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Hozirda, tumanda kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida ichki ishlar organlari, mahalla yettiligi va mahalliy hokimiyatlar hamkorligida kompleks choralar amalga oshirilmoqda. Jinoyatchilik va ijtimoiy muammolarning oldini olish uchun zarur yo‘nalishlar belgilangan. Mahallada ichkilikka berilgan, giyohvandlikka moyil va ruhiy kasalliklarga chalingan shaxslarni davolash va reabilitatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, “Raqamli xavfsiz mahalla” loyihasi doirasida xavfsizlik tizimi modernizatsiya qilinib, jinoyatlarga oid ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish imkoniyati yaratilmoqda. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tadbirlar kuchaytirilib, joylarda xavfsiz muhit yaratishga e’tibor qaratilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.