Mahalladagi ijtimoiy muammolarga yechim topilmoqda
Elyor Jo‘rayev Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining “Quruqsoy” mahallasida ijtimoiy xodim lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu mahalla tuman markazidan 50-55 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, 5 ming 420 nafar fuqaro yashaydi. “Quruqsoy” MFY 5 ta katta va kichik qishloqlarni o‘z ichiga oladi, qishloqlar o‘rtasidagi masofa kamida 29-30 kilometrni tashkil qiladi.
Ijtimoiy xodimlar asosiy faoliyatini “keys menejment” (muammo va zaruriyatlarni aniqlash va halliga yo‘naltirish) asosida olib boradi. Shu asosda Elyor Jo‘rayev ham faoliyati davomida 32 ta keys ochib, shundan 21 tasi ijobiy yopildi. Bu o‘z navbatida, mahallalardagi ijtimoiy muammolarni yechishga qaratilgan samarali ishlarning namunasi hisoblanadi.

2024 yil iyul oyidan boshlab ijtimoiy xodim sifatida faoliyat boshlagan Elyor Jo‘rayev, bugunga qadar 10 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan fuqarolarning RTV (reabilitatsiya va texnik vositalar) va POM (Protez ortopediya mahsulotlari) mahsulotlari bilan ta’minlanishida, 4 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaroni ishga joylashishda amaliy yordam berdi.

Shunday qilib, Elyor Jo‘rayevning yordami bilan bir necha fuqarolar ijtimoiy holatini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi. Masalan, Kumush Boyqobilova 50 yoshda bo‘lib, 1-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatida turadi. U to‘shakka mixlanib qolgani tufayli necha yillardan beri uydan chiqmas edi. O‘z vaqtida Elyor Jo‘rayev unga kattalar uchun mo‘ljallangan nogironlik aravachasini topshirdi, bu esa Kumush opaga xonadan tashqariga chiqish, odamlar bilan muloqot qilish imkoni berdi.

Shuningdek, Fotima Abdug‘aniyeva yolg‘iz ona bo‘lib, 1 nafar farzandi bilan yashaydi. Ilgari doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan edi. Ijtimoiy xodim Fotima opaning holatini o‘rganib, uni bog‘chadagi bo‘sh ish o‘rniga taklif qildi. Bu bilan u ishga joylashdi va ijtimoiylashishga erishdi.

Elyor Jo‘rayevning ijtimoiy faoliyati davomida, bu kabi ezgu sa’y-harakatlar ko‘plab fuqarolarning hayotiga ijobiy o‘zgarishlar kiritmoqda. Uning mehnatlari mahalladagi ijtimoiy muammolarga yordam berish, aniq yechimlar topishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri