Mahallada yoshlar yetakchilari qanday ishlarga mas’ul?
Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishda hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari faolligi muhim ahamiyatga ega.
Farg‘ona viloyatida ham har ikki lavozimga munosib nomzodlar tanlab olindi va ish boshlashdi. Farg‘ona tumanidagi “Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar yetakchilari uchun amaliy seminar tashkil etildi. Unda tumandagi “Ulug‘bek”, “Bahor”, “Chimyon” mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari ham ishtirok etdi. Tadbirda 14-30 yosh toifasidagi yigit-qizlar o‘rtasida sportning futbol, basketbol, shaxmat-shashka, stol tennisi kabi turlari bo‘yicha musobaqalar, shuningdek, kitobxonlik, madaniyat va san’at, kompyuter savodxonligi bo‘yicha treninglar bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda 12-o‘rta ta’lim maktabida harbiy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiylarning chiqishlari, “Mening mahallam – mening faxrim” mavzusida folklor-etnografik jamoalarining konsert dasturi namoyish etildi. Yosh oilalar o‘rtasida osh tanlovi, xotin-qizlar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar ham tashkil etildi.
– Yangi yildan har bir mahallada ish boshlagan yoshlar yetakchilarining birinchi galdagi vazifasi 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan manzilli dasturlarni shakllantirishdan iboratdir, – deydi Farg‘ona tumani hokimi o‘rinbosari Ilhom Toshpo‘latov. – Shu asosida tegishli mahalladagi har bir yosh bilan ishlab, muammosini hal etish, Beshta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, hokim yordamchilari bilan birgalikda yigit-qizlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, tadbirkorlikka yo‘naltirish ishlarini olib bormog‘i lozim. Bu esa yoshlar yetakchilaridan g‘ayrat-shijoatni, yuksak mas’uliyatni talab etadi. bugungi seminarda masalaning ana shu jihatlariga alohida urg‘u berildi.
M. Sulaymonov, O‘zA