Mahallada sumalak tayyorlandi
Guliston tumanining chekka qishloqlaridan biri Qo‘ybotgan deb nomlanadi. Aytishlaricha, bir paytlar bu qishloqning bir qismi botqoqlik bo‘lganligi sababli, bu hududga qo‘y-moli kirib qolganlar, umidini uzib orqasiga qaytib ketgan ekan.
Xalq tilida Qo‘ybotgan bo‘lib nom qozongan qishloq – Sharq haqiqati mahallasida bugun bahorning nafasi sezilmoqda. Tomorqadagi daraxtlarga shakl berilib, polizlarga jo‘yaklar hozirlanayotgan qishloqda faol xotin-qizlar jam bo‘lib, mahalla sumalagini pishirishdi. Yigitlar ularning hasharlariga ko‘maklashib, osh damlashdi.
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev tashabbusi bilan O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasining to‘rtinchi –adolatli ijtimoiy siyosat yuritish inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida “Sen aziz va muqaddassan, ayol” shiori ostida mahallalardagi ijtimoiy faol ayollar o‘rtasida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha tanlov e’lon qilingan edi.
[gallery-15989]
–“Sharq haqiqati” xotin-qizlari fidoiy mehnatkash, faol, desam, yana o‘zining hamqishloqlarini maqtayapti, demang, – deydi mahalla xotin-qizlari faoli Feruza Normamatova. – Aslida ham shunday, ishlaydigani ham, uy bekalari ham avval ro‘zg‘or yumushlarini badastir qilib, hovli-boshini joy-joyiga qo‘yadi. Qishloq ayollariga xos ishchanlik, mehmondo‘stlik, mehr-oqibat yoshlarimizga ham fazilat sifatida o‘tib kelmoqda.
Mahalla hovlisi to‘yxonaga aylandi go‘yo. Bir kun avval “dam” tashlangan sumalak mehmonlarga muntazir, doshqozondagi oshning hidi ishtahani qitiqlaydi. Qo‘shni kelin oshgan xamirni mahalla hovlisidagi tandirda yopib, qirmizi nonlarni savatga solib keltirdi. Nonga kuvi yog‘i solinib, kelganlarning og‘zi tegdi.
Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi o‘rinbosari Nargiza Tojiboyeva, viloyat bojxona boshqarmasi xodimi, podpolkovnik Sanobar Abdurazzoqova “Sen aziz va muqaddassan, ayol” tanlovi ishtirokchilarini tabriklab, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalarini mustahkamlash, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyati bilan ibrat bo‘layotgan g‘olib nomzodlarga, shuningdek, mahallaning faol ayollariga tuman hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri