Mahallada sayyor sud majlisi o‘tkazildi
Sirdaryo tumanidagi “Yoshlik”, “Farovon” hamda Furqat nomli mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilgan sayyor sud orqali firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari bilan ayblangan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishlari muhokama qilinib, ko‘rib chiqildi.
Sirdaryo tuman hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudining raisi I.Yoriyev boshchiligida o‘tgan sayyor sudda tuman prokurori, tuman sudi sudyasi yordamchilari, tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari, mahalla faollari ishtirok etgan.
Ushbu sayyor sudda O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 5 noyabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan ayblangan I.K.ga nisbatan va O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bilan ayblangan J.B.ga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishlari keng jamoatchilik orasida atroflicha muhokama qilinib, ko‘rib chiqildi. Tegishli qarorlar qabul qilindi.
A.Qayumov, O‘zA