Mahalla yoshlariga qanot bo‘layotgan yoshlar yetakchisi
Motivatsiya! Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi Farog‘atli mahallasida 6,5 ming aholi istiqomat qiladi. Shundan 1 ming 500 nafari yoshlar. Yoshlar bilan manzilli ishlash tizimi mahallagacha, oilagacha kirib borgan bugungi kunda “Farog‘atli”da asosiy e’tibor yoshlarning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy muammolarini hal etish, ularni sportga, madaniy-ma’rifiy jarayonlarga jalb etish, mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlar bilan ishlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yigit-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilmoqda.
Bu jarayonlarda mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Aziza Mirfayzullayevaning tashabbuskorligi, tinib-tinchimasligi, o‘z vazifasiga jiddiy mas’uliyat va fidoyilik bilan yondashayotgani muhim omil bo‘layotir.
Azizaxon boshchiligida mahalla yoshlari bilan yaqindan ishlanyapti. Ularning ijtimoiy holati chuqur tahlil qilinib, 1 ming 473 nafari yashil, 12 nafari sariq va 15 nafari qizil toifaga ajratildi. Natijada sariq va qizil toifadagi yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, ularning muammolari xonadonbay o‘rganildi. Shu asosda har bir yosh bo‘yicha alohida ish rejasi ishlab chiqilgan holda zarur choralar ko‘rildi.

Azizaxon xorijda mehnat qilayotgan hamda Vatanga qaytgan yoshlar bilan ishlashga ham ustuvor ahamiyat qaratib keladi. Ular bilan individual suhbatlar tashkil etib, yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni keng tushuntiradi. Ayniqsa, yoshlarning kasbiy ko‘nikmalaridan samarali foydalanish, ularni tadbirkorlikka jalb etish, ish bilan ta’minlash masalalarida jonbozlik ko‘rsatadi. Yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘mak berib, tengdoshlarini yangi loyihalar sari undaydi.
Azizaxonning aytishicha, mahalladagi nazorat va alohida e’tibor talab etiladigan 15 nafar yosh otaliqqa olinib, ular bilan individual ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 3 nafari Sergeli tumani Ichki ishlar bo‘limiga, 1 nafari tuman hokimiga, 2 nafari Milliy gvardiya boshqarmasiga, 8 nafari Mudofaa ishlari bo‘limiga hamda 1 nafari tuman prokuraturasiga biriktirildi.

Mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida muntazam uchrashuvlar tashkil etilib, yoshlarning muammolari tinglanadi, ularni ijtimoiy hayotga jalb etish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha manzilli choralar ko‘rib boriladi.
Yoshlar yetakchisi mahallada ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida madaniy kechalar, konsert dasturlari, teatr tomoshalari, shuningdek, sayohatlar uyushtirishda doim tashabbuskor bo‘lib keladi. Davra suhbatlari, uch avlod uchrashuvlari, kitobxonlik kechalari, huquqiy targ‘ibot va muloqotlarda yoshlarning huquqiy madaniyati, kitobxonligi, fuqarolik mas’uliyati yuksaltirilishi barobarida ularning fikr va takliflari ham tinglanadi.

Yoshlar bilan ishlash borasida Farog‘atli mahallasida shakllantirilgan o‘ziga xos tajriba, tizimli, manzilli yondashuv ijobiy natijalarga erishishda, yoshlar siyosatining amaliy natijalarini namoyon etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Aziza Mirfayzullayevaning mahalla yoshlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi namunali faoliyati, erishgan natijalari, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi davlat rahbari tomonidan e’tirof etildi. Shu yil 29-iyundagi “Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, Aziza Mirfayzullayeva «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi.

— Faoliyatim davomida mahalla yoshlari bilan tizimli ishlarni tashkil etish, ularning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilishga qaratilgan sport, intellektual va madaniy tadbirlarni muntazam o‘tkazish, “Dolzarb 90 kun”, “Besh tashabbus”, “Zakovat” va boshqa loyihalarni samarali amalga oshirishga alohida e’tibor qaratib kelyapman, — deydi Aziza Mirfayzullayeva. — Shuningdek, migratsiyadagi, otaliqqa olingan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan manzilli ishlash, ularni ta’lim, kasb-hunar va bandlikka yo‘naltirish bo‘yicha amaliy natijalarga erishyapmiz.
Mahalla yoshlarining hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar tufayli mukofotga munosib ko‘rilganimdan mamnunman. Bu e’tirof mahallamdagi yoshlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlikka qiziqishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish kabi maqsadlarimga yanada motivatsiya berdi. Zamonaviy loyihalarni amalga oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanishni maqsad qilganman. Tengdoshlarim har bir imkoniyatdan unumli foydalanishsa, o‘z ustida doimiy ishlasa, kitob mutolaasi va bilim olishni odatga aylantirishsa, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, unga intilishsa, albatta, aniq natijalarga erishadi. Zero, yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan faol foydalanib, tashabbuskor, mas’uliyatli va Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan inson bo‘lish har birimizning vazifamiz, burchimiz, — deydi yoshlar yetakchisi.

Darhaqiqat, vatanparvarlik fazilatlari, tashabbuskor va yetakchiligi bilan tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan Azizaxon mahalla yoshlarini qo‘llab-quvvatlashga bosh-qosh bo‘lmoqda. Ularni qiynayotgan masalalarni yechish, ishsiz yoshlarni bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, kasb-hunarli bo‘lishlariga ko‘mak berib kelmoqda. Bu kabi yoshlarimiz esa ertangi taraqqiyotimizning asosiy kuchi va tayanchi bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA