Mahalla yangi binosi aholi xizmatida
Mahallalar obodligini ta’minlash, aholining turmush farovonligini oshirishda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli katta. Shu bois keyingi yillarda mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilib, birinchi navbatda mahalla ma’muriy binolarini tubdan yangilash, moddiy texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Kuni kecha Nishon tumanidagi “Janub mash’ali” mahallasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
– Bayram arafasida mahallamiz idorasining yangi binosi foydalanishga topshirilganidan mamnunmiz, – deydi Tillo Ko‘chiboyev. – Shu kungacha mahallamizning o‘z bino yo‘q edi. Mahalla tashkil etilgan paytda dastlab rais o‘zining uyini idora qilib foydalandi. Keyin tadbirkorning joyini ijaraga oldi. Albatta o‘z binosi bo‘lmagandan keyin uning aholiga xizmat ko‘rsatishi ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Mana endi mahallamizning o‘z idorasi bor. Endi aholiga xizmat ko‘rsatish sifati ham yaxshilanadi.
Mahalla ma’muriy binosining ochilish marosimida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi raisi, tuman hokimligi va sektor rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda tizimga yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar xalqning og‘irini yengil qilish, islohotlarni aholiga yetkazish, ijrosini ta’minlash, aholining muammolarini bartaraf etishga qaratilgani ta’kidlandi. Fondning viloyat bo‘limi tomonidan ushbu mahalla binosi uchun mebel va kompyuter jamlanmalari topshirildi.
Mamlakatimiz mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur bino mahalla ahli uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi. Shu kuni mahallada istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordam uchun sertifikatlar, shuningdek, bir nafar fuqaroga tikuv mashinasi ham topshirildi.
Bayram arafasida bu kabi ezgulikka yo‘g‘rilgan xayr-saxovat tadbirlari davom etmoqda.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.