Mahalla raislarining huquqiy bilimlari oshirilmoqda
Joriy yil respublikamizda muhim siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda ayni vaqtda mamlakatimizning barcha hududlarida ushbu muhim jarayonni har tomonlama mukammal o‘tkazish, saylovchilarga barcha qulayliklarni yaratish maqsadida qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, mahalla tizimi xodimlarining saylov jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ko‘nikmalarini boyitish maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan hududlarda o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.
2021 yil 23-30 avgust kunlari mazkur o‘quv mashg‘ulotlarining birinchi bosqichi mamlakatimizdagi barcha tuman (shahar)larda uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi mazmun-mohiyati, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish tartibi, ovoz berish qoidalari xususida huquqiy-targ‘ibot materiallari asosida keng ma’lumotlar berib o‘tildi.
Mahalla raisi va xodimlari hamda kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari tushuntirib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi» ijrosini ta’minlash hamda mahalla tizimi xodimlarining saylov qonunchiligi bo‘yicha huquqiy bilimlarini yanada oshirish maqsadida joriy yilning 13-18 sentyabr kunlari soha xodimlari ishtirokida navbatdagi o‘quv seminarlari o‘tkazilishi belgilangan.
Ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan Ishchi guruhlar tomonidan mahalla tizimi xodimlarining saylov qonunchiligi va saylov jarayonlarini o‘tkazish bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida navbatdagi o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.

Ushbu seminar darslarida tinglovchilarning aholining saylovlarda ishtirok etish, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish tartibi, fuqarolarning ovoz berish jarayonidagi ishtiroki xususidagi savollariga mutaxassislar tomonidan javob berib borilmoqda.
Tadbirda yana bir muhim masala sifatida saylov jarayonlarida aholining karantin qoidalariga rioya etilishini ta’minlashda mahalla xodimlarining tutgan o‘rniga to‘xtalib o‘tilmoqda.
O‘quv seminarlari joriy yilning 18 avgustiga qadar davom etadi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA