Mahalla raisi saylovi davom etmoqda
Mamlakatimizning barcha hududlarida fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) saylovi bo‘lib o‘tmoqda.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga boy hayotiy tajribaga ega, aholi o‘rtasida katta hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan, bilimdon, adolatli, ko‘pni ko‘rgan, mahalla ahlini xayrli ishlarga ergashtira oladigan, tashabbuskor, tashkilotchilik qobiliyatiga ega munosib nomzodlar saylanmoqda.
Andijon shahridagi Qalandarxona mahalla fuqarolar yig‘inida 5 ming 625 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 3 ming 544 nafari saylov yoshidagi fuqarolardir. Belgilangan tartiblarga ko‘ra saylov yoshidagi aholining 12 foiz vakili saylov jarayonida ishtirok etishi belgilangan. O‘tkazilgan saylov jarayonida 300 nafar vakil ishtirok etdi.
Uch nafar nomzoddan eng ko‘p – 287 nafar vakil ovoz bergan amaldagi rais Sherzodbek Qosimov nomzodi eng munosib deb topilib, u mahalla raisligiga qayta saylandi.
Mahalla raisi (oqsoqoli) saylovi jarayonining dastlabki uch kuni davomida viloyatdagi 887 ta mahalladan 233 tasiga yangi rais saylandi. Fuqarolar yig‘inlari raisi saylovi barcha mahallalarda adolatli, belgilangan tartiblar, demokratik tamoyillar asosida o‘tkazildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA