Mahalla obodligi – yurt ko‘rki (+video)
Ba’zan hayotda aqlni shoshirib qo‘yadigan shunday yangilanish va o‘zgarishlar bo‘ladiki, bu tarixiy jarayonlar – ulkan bunyodkorlik davri sifatida e’tirof etiladi.
Sir emaski, bugungi kunda mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilib, barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash jarayonida mutlaqo yangicha tizim joriy etilmoqda.
Har bir shahar yo tumanning obodligi mahalladan boshlanadi, deganlaridek, yaqinda Respublika ishchi guruhi vakillari Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, hududdagi ijtimoiy-iqtisodi og‘ir bo‘lgan Nishon tumanidagi “Balxiyak” mahallasidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda kam ta’minlangan oilalarga ko‘rsatilayotgan yordamlar kabi masalalarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, tegishli ko‘rsatmalar berishgan edi. Natijada mahalliy aholining murojaatlari va takliflari inobatga olinib, ayni paytda “Balxiyak” mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari allaqachon boshlab yuborildi.
-Tumanimizda 7 ta MFY og‘ir hudud toifasiga kirgan bo‘lib, ular orasida “Balxiyak” MFY ham bor, -deydi Nishon tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Umid Mamashoyev. – Mazkur mahallada yashovchi aholining murojaatlarini o‘rganish davomida 16 kmga yaqin ta’mirtalab yo‘llar mavjudligi aniqlanib, ayni paytda ushbu yo‘llarni shag‘allashtirish ishlari boshlandi. Bundan tashqari, mahallada toza ichimlik suvi muammosi, elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ham hisobga olinib, bu borada ham amaliy ishlar boshlanishi kutilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Jve1ulOJM_g" title="Mahalla obodligi – yurt ko‘rki" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mahallalarda g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilayotgan yo‘lsozlar, obodonlashtirish xodimlari, keksayu yoshlar, barcha-barchani bitta mushtarak maqsad, u ham bo‘lsa – jondan aziz shu ona-Vatanni yanada obod, farovon etish istagi birlashtirgan desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘tkir ALIMOV,
Iskandar Ismatov,O‘zA