Mahalla korrupsiyadan xoli hududga aylanadi
Bugungi kunda korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga tahdid solayotgan illat sifatida butun insoniyatni jiddiy tashvishga solmoqda. Shu bois, yurtimizda ham korrupsiyaning oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Joriy yil 5 mart kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa ekanligi, har bir yurtdoshimiz ushbu illatning oldini olish va bartaraf etilishiga befarq qaramasligi, bu ishdan chetda turmasligi lozimligi ta’kidlanib, mazkur yo‘nalishda muhim vazifalar belgilangan edi.

Ana shu vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan aprel – “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilinib, oylik doirasida partiya, xususan, partiyadan saylangan deputatlar tomonidan mahallalarda, mehnat jamoalarida, ta’lim muassasalarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Partiya yetakchilari, faollari, deputatlari ishtirokida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani mahallalarida o‘tkazilayotgan tadbirlar hamda aholi vakillari bilan muloqotlarda korrupsiyaning oldini olish, yurtdoshlarimizda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, uning ayanchli oqibatlari xususida atroflicha so‘z yuritilmoqda.

– Korrupsiyaning jinoyat ekanligini bilamiz, lekin nima uchun u takror-takror sodir etilmoqda, degan savol ochiqligicha qolib kelmoqda, – deydi “Adolat” SDP Xo‘jaobod tuman kengashi raisi Yigitali Bekboyev. – Hatto, ayrim hollarda ishimiz tezroq bitsin, degan maqsadda uning ishtirokchisiga ham aylanamiz. Bu nafaqat jinoyat, balki jamiyatimiz rivojiga, kelajagimizga tahdiddir.

Shu ma’noda targ‘ibot tadbirlarimizda ana shu kabi kichik, nazarimizdan chetda qolayotgan masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qolaversa, korrupsiyaning oldini olish masalasi nafaqat huquq-tartibot idoralari yoki qaysi bir toifa kishilarining emas, butun xalqimizning ishiga, umumxalq harakatiga aylanishi lozim. Shundagina biz kutilgan natijaga erisha olamiz.
Tumandagi “Navoiy”, “Ipakchi” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi ishtirokida “Mahallamiz korrupsiyadan xoli hududga aylanadi” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda korrupsiya illati, unga qarshi kurashni umumxalq ishiga aylantirish yuzasidan ishtirokchilarga keng ma’lumot va tushunchalar berildi.
“Adolat” SDP viloyat kengashi tashabbusi bilan bu kabi tadbirlar barcha tuman va shaharlarda bo‘lib o‘tmoqda.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari