Mahalla instituti tarixi va faoliyati haqida yangi risola
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot institutida «Mahalla – yorug‘ yuzimiz va vijdonimiz ko‘zgusi» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ilmiy-ommabop risolada mahalla institutining tarixi, mamlakatimizda mahalla instituti faoliyatini rivojlantirish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda vakolatlarini kengaytirish borasidagi islohotlar bayon etilgan. Ilmiy-ommabop risola olimlar, tadqiqotchilar, talaba va o‘quvchi yoshlar hamda mahalla instituti faoliyatiga qiziquvchi keng kitobxonlar uchun mo‘ljallangan.
Tadbir doirasida shuningdek, «Oila, mahalla va gender tengligi mavzusidagi badiiy asarlarning elektron korpusi» hamda «Mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish yuritish jarayonini amalga oshirishda elektron axborot vositalardan foydalanish texnologiyalari» yuzasidan yaratilgan platformalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
[gallery-1711]
Oila mahalla va gender tengligi mavzusidagi badiiy asarlarning elektron korpusi bu – oila, mahalla va gender tengligiga doir badiiy asarlarning elektron korpusini yaratish loyihasi o‘zbek tilida ilk bor matnlar korpusini yaratishni maqsad qilib qo‘ygan. Ushbu yaratilgan korpus kontenti mavzuga doir badiiy asarlarning xronologik tavsifidan iborat. Unga ko‘ra xronologik tartib berilgan matnlar bazasi uch asosiy qism – jadid adabiyoti, mustaqillikkacha bo‘lgan davr, va mustaqillikdan keyingi davrga ajratilgan. Korpus menejeri, ya’ni qidiruv tizimi so‘rov uchun ham lotin ham kirill alifbosiga mo‘ljallangan.
Mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish yuritish jarayonini amalga oshirishda elektron axborot vositalardan foydalanish texnologiyalari – mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish yuritish bilan band bo‘lgan xodimlariga kasbiy malakalarini oshirish va bu borada uslubiy ko‘rsatmalar berish, ularning hujjatlar bilan ishlash samaradorligini yaxshilash, jonlantirish, eng asosiysi «qog‘ozsiz texnologiya» bilan ishlashni o‘rgatish maqsadiga xizmat qiladi.
Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA