Mahalla instituti: delegatlar saylandi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatidagi barcha shahar va tumanlarda mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha viloyat kengashi tashkiliy yig‘ilishida ishtirok etish uchun delegat saylash jarayoni bo‘lib o‘tdi. Unda mavjud 788 ta mahalla raisi orasidan viloyat kengashi tashkiliy yig‘ilishida ishtirok etish uchun 118 nafar delegat saylandi.
Namangan shahridagi Ma’rifat markazida mazkur masalaga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishni viloyat hokimi, viloyat kengashi raisi Shavkat Abdurazzoqov olib bordi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etilmoqda.
Yig‘ilish kun tartibidagi dastlabki masala sifatida Prezidentimizning mahalla institutining jamiyatdagi rolini oshirishga qaratilgan farmon va qarori, shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining 2023 yil 22 dekabrdagi yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda mahalla fuqarolar yig‘inlari oldida turgan masalalar to‘g‘risida ma’ruza tinglandi.
[gallery-15489]
So‘nggi yillarda mahallaning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish, aholi muammolari bilan ishlashda boshqaruvning mazkur tizimi faoliyatini takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Yangi yildan boshlab esa, yuqoridagi hujjatlarga asosan, MFYlardagi “beshlik” tizimiga soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo‘shilib, “yettilik” tarzida ish olib boradi. Shuningdek, tuman va shaharlarda “Mahalla byudjeti” tizimi amaliyotga joriy etildi. Shu bilan birga, mazkur bo‘g‘inda yana ko‘plab yangilik va o‘zgarishlar kuzatilmoqdaki, ular yordamida mahallalarni xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashish, mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini ta’minlash maqsad qilingan.
Tadbirda mahallalar raislari tizimdagi o‘zgarishlar, “mahalla yettiligi” ishini samarali tashkil etish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Yakunda Mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi konferensiyasida ishtirok etish uchun viloyat nomidan qatnashadigan delegatlar saylandi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA