Mahalla idorasi uchun yangi bino
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida “Buktaroy” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi foydalanishga topshirildi.
– Arabxona, Buktaroy va Bobog‘ozi qishloqlaridan iborat mahallamizda 805 ta xonadon va 935 ta oila bo‘lib, ularda 4,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda, – deydi “Buktaroy” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ne’mat Shodiyev. – Albatta, aholi bilan ishlash, ular tashvish va muammolarini o‘rganib, tizimli hal qilish uchun talab darajasidagi ma’muriy idoraga muhtojligimiz bor edi. Nihoyat, buning uchun o‘tgan yil kuz oylarida qishloq markazidan 3 sotix yer maydoni ajratildi. Tuman mahalliy byudjeti hisobidan 136 million so‘m mablag‘ ajratildi. Mahalla binosini qurish ishlari boshlandi. Shinam inshoot ma’muriyati “beshlik” uchun alohida xonalar zarur axborot kommunikatsiya vositalari, kompyuter jamlanmasi, mebel bilan jihozlandi. Qolaversa, hududdagi tadbirkor fermerlar ham saxovatpeshalik qilib, qurilishga homiylik qildi.

“Buktaroy” mahalla fuqarolar yig‘ini yangi ma’muriy binosini foydalanishga topshirish tadbiri tantanaga aylandi. Unda tuman hokimi Sherzod Ashurov boshchiligida sektor rahbarlari, jamoatchilik vakillari, mahalla ahli hozir bo‘ldi. Qurilish va jihozlashda alohida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilarga minnatdorlik bildirildi. Barcha qulayliklar, alohida isitish tarmog‘i shay qilingan va talab darajasida jihozlangan yangi idora binosi aholi mushkulini oson, tashvishini yengillashtirishga xizmat qilishi, o‘ziga xos ma’muriy hududda faoliyat samaradorligiga erishilishiga ishonch bildirildi.
Yig‘ilganlar shinam mahalla binosi va undagi qulayliklar bilan tanishtirildi.

Ma’lumot uchun, “Yangi O‘zbekistonda yangicha dunyoqarash” ezgu tamoyili asosida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida ham o‘zini o‘zi boshqarish organlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularga talab darajasida faoliyat yuritishi uchun zarur qulaylik va sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘tgan yili hududda Taxtaxon, Kalon, Saidkent, Yangiobod, Paxtaobod kabi mahalla fuqarolar yig‘inlari ma’muriy binolari uchun alohida yer maydoni ajratildi. Zamon talabi darajasida loyihalashtirilgan idora inshootlari yangicha andozada qurib berilgan. Ularda mahalla raisi, hokimning hududdagi yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va ichki ishlar profilaktika inspektori bahamjihat ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Zarif Komilov, O‘zA