Mahalla faollari rag‘batlantirildi
Sirdaryo viloyatida yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, sportni ommalashtirish hamda mahallalarda ommaviy jismoniy faollikni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Shu maqsadda “Besh tashabbus olimpiadasi” tadbirlarida faol ishtirok etgan va tashabbuskorlik ko‘rsatgan bir guruh mahalla faollari rag‘batlantirildi.
Viloyat Yoshlar markazida tashkil etilgan tantanali marosimda mahalla raislari, yoshlar yetakchilari hamda sport sohasi mutaxassislariga maxsus sport formalari topshirildi. Bu e’tirof ularning joylarda ommaviy sport tadbirlarini yo‘lga qo‘yish, yoshlarni turli musobaqalarga jalb etish hamda sog‘lom hayot madaniyatini shakllantirish yo‘lidagi faol mehnatiga berilgan munosib baho sifatida qayd etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Buranov sportning jamiyat hayotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, mahalla darajasida olib borilayotgan tizimli ishlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni zararli odatlardan uzoqlashtirish hamda kelajakda yetuk, sog‘lom avlodni tarbiyalashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Laziz Ahmedov, viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Bobur Akramov so‘zga chiqib, hududlarda sportni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan mahalla yetakchilari va faollariga minnatdorchilik bildirdi. Ular tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslar yoshlar orasida sportga qiziqishni oshirish, ularni ommaviy tadbirlarga keng jalb etish va yangi iste’dodlarni kashf qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
[gallery-29176]
Mutasaddilar qayd etganidek, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalari bugungi kunda nafaqat raqobat muhitini shakllantirish, balki yoshlarni ijtimoiy faollikka jalb etish, ular o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. Shu orqali mahallalarda sog‘lom raqobat muhiti kengayib, sport infratuzilmasini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqish yanada ortib bormoqda.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov(surat ), O‘zA