Mahalla binosida tikuvchilik sexi
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov So‘xda Oftobro‘ mahallasida aholi bilan uchrashganida tadbirkorlardan biri tikuvchilik sexi tashkil etmoqchi ekani va buning uchun unga yer maydoni ajratib berishni so‘radi.
Hokim maqbul yechim taklif etdi:
– Yer belgilangan tartibda ajratiladi. Binoning birinchi qavatida esa MFY joylashadi.
Oradan ko‘p o‘tmay hokim yana So‘x tumanida bo‘ldi. Shunda tadbirkor Behzodjon Madaliyev uni yana “Oftobu” MFY ga taklif etdi. Bu gal yangi bino qurib bitkazilgan, unda mahalla idorasi ham, ikkinchi qavatdan esa tikuvchilik sexi ham joy olgandi. Shunday qilib So‘x tumanidagi «Oftobro‘» mahalla fuqarolar yig‘inining davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida jamoatchilik vakillari, nuroniylar hamda mahalla ahli ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Prezidentimiz tashabbusi bilan So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Xususan, tumanning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, yangi investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Bu jarayonda tashabbuskor tadbirkorlarning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etayotgani bildirildi.
Tadbirkor Bekzodjon Madaliyev tomonidan davlat-xususiy sherikchiligi asosida bunyod etilgan mazkur bino ham ana shunday amaliy tashabbuslardan biri edi.
Marosimda so‘zga chiqqan nuroniylar tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, so‘xliklar nomidan Prezidentga minnatdorchilik izhor etdilar.
Shundan so‘ng ramziy tasma qirqilib, yangi bino eshiklari ochildi. Barcha qulaylikka ega MFY xonalarining kalitlari topshirildi. Binoning ikkinchi qavatida tikuvchilik sexi tashkil etilib, mahallada istiqomat qiluvchi o‘ndan ziyod xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan edi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA